09.05.2023
225
BAYRAM TABRIGI
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 78 yilligi munosabati bilan urush va mehnat faxriylarini, barcha yurtdoshlarimizni tabriklaydi hamda oʻzining chuqur hurmat-ehtiromi va ezgu tilaklarini bildiradi.
Koʻzda yosh, dilda cheksiz iztirob va chuqur shukronalik hissi bilan nishonlanadigan bu qutlugʻ bayramda hozirgi tinch, dorilomon kunlar uchun jang maydonlarida halok boʻlgan ota-bobolarimiz, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etamiz, oʻtganlar xotirasiga hurmat bajo keltiramiz. Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan insonlar, aziz faxriylarimiz xotirasi oldida bosh egib taʼzim qilamiz.
Ulugʻ va tabarruk yoshlarga yetib, safimizda sogʻ-salomat, duogoʻy boʻlib yurgan faxriylarimizga bugungi minnatdor avlod nomidan chuqur hurmat-eʼtiborimizni, mehr-muhabbatimizni izhor etamiz. Aziz va moʻtabar faxriylarimizning beqiyos qahramonligi tinchlikparvar insoniyat tarixiga yorqin va buyuk sahifa boʻlib yozilganini chuqur minnatdorchilik hissi bilan eʼtirof etishdan baxtiyormiz.
Nafaqat tinch, osuda va farovon diyorimizda, balki butun jahonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, dunyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, mamlakatda millatlar va dinlararo hamjihatlikni, milliy mustaqilligimizni asrab-avaylashdek ezgu niyatlar yoʻlida dadil odimlayotgan koʻp millatli, Yangi Oʻzbekiston xalqiga xonadonlarida tinchlik-xotirjamlik, dasturxonlariga fayzu baraka, oilaviy farovonlik tilaymiz.
Bugungi munavvar hayotimiz uchun jon fido qilgan barcha qahramonlarimiz xotirasi mangu barhayot boʻlsin!
Bayramingiz muborak, aziz doʻstlar!
“Ijtimoiy fikr”
respublika jamoatchilik
fikrini oʻrganish Markazi