8

EKOLOGIK BARQARORLIK VA «YASHIL» IQTISODIYOT YO‘LIDA JAMOATCHILIK FIKRI O‘RGANILMOQDA

Joriy yilning 13-iyul kunidan boshlab «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan mamlakatimiz aholisining atrof-muhit holati, ekologik xavfsizlik, aholining ekologik madaniyati hamda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonlariga munosabatini kompleks o‘rganishga qaratilgan respublika miqyosidagi sotsiologik tadqiqot boshlandi.

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonda ham ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi uchun sog‘lom va xavfsiz ekologik muhitni shakllantirish, tabiiy boyliklarni asrab-avaylash hamda ekologik mas’uliyatni yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur sotsiologik tadqiqot mamlakatimiz aholisining respublika va o‘z yashash hududidagi ekologik vaziyatga bergan bahosi, fuqarolarni eng ko‘p tashvishga solayotgan ekologik muammolar, davlat organlarining atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi faoliyatiga munosabati, ekologik madaniyat darajasi hamda tabiatga nisbatan fuqarolik mas’uliyatini har tomonlama tahlil qilishga qaratilgan.

Tadqiqot jarayonida, shuningdek, aholining «yashil» iqtisodiyot tushunchasi haqidagi xabardorlik darajasi, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, ekologik xavfsiz mahsulot va xizmatlardan foydalanishga tayyorligi, energiya va suv resurslarini tejash, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda ekologik turmush tarzini shakllantirishga oid qarashlari atroflicha o‘rganiladi.

Shu bilan birga, ekologik muammolarni hal etishda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, tadbirkorlik subyektlari, ilmiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari va aholining o‘rni hamda mas’uliyati, ekologik madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiluvchi samarali rag‘batlantirish mexanizmlari yuzasidan jamoatchilik fikri ham tahlil qilinadi.

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur sotsiologik tadqiqot ekologik barqaror taraqqiyotni ta’minlash, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish hamda aholining ekologik ongi va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.