10.11.2025
22
FAN VA SPORT UYGʻUNLIGIDAGI GʻALABA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tashabbusi bilan Prezidentning “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, shuningdek, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 11 noyabr — “Kasaba uyushmalari kuni” bayrami munosabati bilan shaxmat boʻyicha musobaqa tashkil etildi.
Bellashuv Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, fikrlash madaniyatini rivojlantirish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida oʻtkazildi. Gʻoliblar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan kubok, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Qatnashchilar bu kabi tadbirlar ilm ahlining faolligini oshirish, jismoniy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotganini taʼkidladilar. Mazkur nufuzli tadbir doirasida oʻtkazilgan shaxmat musobaqasida “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi Sotsiologik tadqiqotlarni axborot-matematik taʼminlash boʻlimi mudiri Bokun Igor Mixaylovich faxriy 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Bu yutuq ilmiy tafakkur, diqqat va sabot uygʻunligining amaliy ifodasi sifatida jamoa ichida faxr va ilhom manbai boʻldi.
“Ijtimoiy fikr” markazi jamoasi Bokun Igor Mixailovichni ushbu muvaffaqiyat bilan chin dildan tabriklaydi. Uning gʻalabasi nafaqat shaxsiy yutuq, balki markaz xodimlarining ijtimoiy faolligi, aqliy salohiyati va jamoaviy birdamligining yorqin ifodasidir.
Tadbir Fanlar akademiyasi tizimida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, xodimlar oʻrtasida hamjihatlik va doʻstona muhitni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida katta ahamiyat kasb etdi.



