08.05.2026
31
9 MAY - XOTIRA VA QADRLASH KUNI
Inson qadri, millat xotirasi va avlodlar vorisiyligini ulugʻlaydigan 9 may - Xotira va qadrlash kuni yurtimizda chuqur hurmat va ehtirom bilan nishonlanadi. Bu sana Vatan ozodligi, xalq tinchligi va bugungi osoyishta hayot yoʻlida jasorat koʻrsatgan faxriylar, mehnat fronti ishtirokchilari hamda el-yurt manfaati uchun xizmat qilgan insonlar xotirasini yod etish kuni sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi barcha yurtdoshlarimizni 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etadi.
Xotira - millat maʼnaviyatining mustahkam tayanchi, qadrlash esa insonga boʻlgan yuksak ehtirom ifodasidir. Yurtimizda keksa avlod vakillariga hurmat koʻrsatish, urush va mehnat faxriylarini eʼzozlash, ularning hayot yoʻli va jasoratini yosh avlodga ibrat sifatida targʻib etish ezgu qadriyat sifatida qaror topgan.
Ayniqsa, Yangi Oʻzbekiston sharoitida inson qadrini ulugʻlash, keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda mehr-oqibat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu qutlugʻ ayyomda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqi yoʻlida xizmat qilgan barcha insonlarning porloq xotirasiga yuksak ehtirom bildiramiz.
Barchangizga mustahkam sogʻliq, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, yurtimizga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaymiz.
Hurmat bilan,
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi


