7

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan Oʻzbekiston aholisi orasida “Fuqarolarning shaxsiy salomatlikka, faol turmush tarzi va sogʻliqni saqlashga munosabatimavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.

Tadqiqot maqsadi aholining sogʻliqni saqlash tizimiga munosabatini, psixologik salomatlik holatini va davlat islohotlariga ishonch darajasini xolis va aniq maʼlumotlar asosida aniqlashdan iborat.

Mazkur tadqiqot savolnomasi fuqarolarning shaxsiy va ruhiy salomatliklari, respondentlar oʻzini oʻzi baholash darajasi, psixologik va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari, yurtdoshlarimizning jismoniy faollik darajasi, sportga munosabat va unga xalaqit beruvchi omillar, sogʻliqni saqlash islohotlari haqidagi xabardorlik kabi savollarga fikr-mulohazalarini oʻrganishga qaratilgan.

Oʻrganilayotgan maʼlumotlar aholi salohiyati, salomatlikka munosabat va davlat xizmatlarining sifatini baholash, shu asosda milliy sogʻliqni saqlash siyosatini takomillashtirishga xizmat qiladi.