14.05.2024
158
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi matbuot xizmati rahbari Dildora Axmedova Madaniyat va Ma’rifat kanalining “Agar” ko‘rsatuvida “Nogironligi bor fuqarolar imkoniyatlarini kengaytirish, ularni iqtisodiyotimizga jalb qilish uchun sharoitlar yaratish” mavzusida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ekspert sifatida ishtirok etdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining, taxminan, 15 foizini tashkil etadi.
O‘zbekistonda ham bunday toifadiga odamlar soni kam emas. Nogironlarga qulay sharoit yaratish, ularga ta’lim berish, munosib ish o‘rinlar bilan ta’minlash masalasi nihoyatda dolzarbdir.
Madaniyat va Ma’rifat kanalining “Agar” ko‘rsatuvida “Nogironligi bor fuqarolar imkoniyatlarini kengaytirish, ularni iqtisodiyotimizga jalb qilish uchun sharoitlar yaratish” mavzusida bo‘lgan suhbatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan yurtimizda olib borilayotgan siyosat, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z bordi.
Nogironning hayoti sog‘lom odamning hayotidan tubdan farq qiladi. Misol uchun ular ta’lim olishda muayyan muammolarga duch kelishmoqda. Nogironlar uchun ish topish ancha qiyin, chunki aksariyat hollarda ular mehnatga layoqatli odamning ishini bajara olmaydi. Afsuski, bu toifadagi odamlar jamiyat tomonidan yaratilgan to‘siqlarga ham duch kelishadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash borasida O‘zbekistonda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotining barcha jabhalariga jalb etishda ularni kerakli protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash muhim hisoblanadi.
Nogironligi bor bolalar uchun alohida imkoniyatlar yaratilmoqda.
– So‘nggi besh yilda “Muruvvat” uylariga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar 3 barobardan ziyod oshgan. Ulardagi xodimlar va o‘rinlar soni ham ko‘paytirilgan.
– 2023 yili bunday muassasalar uchun davlat budjetidan 624 milliard so‘m ajratildi. Shuningdek, ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun avvalgiga qaraganda ikki barobardan ortiq mablag‘ berilmoqda
– 12 ta jami 975 o‘rinli nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash Markazlari faoliyat yuritib, ularda har yili o‘rtacha 27 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar statsionar sharoitda bepul reabilitatsiya tadbirlarini olishi ta’minlanmoqda
Mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-e’tiborda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning yangilangan konstitutsiyasida ijtimoiy adolat tamoyili muhrlab qo‘yildi. Demak, endilikda ijtimoiy adolatni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Bu esa o‘z navbatda nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish imkoniyatini beradi.