12.08.2024
89
Gʻalaba muborak chempionlar!
Oʻzbek taekvondosida yangi tarix: Svetlana Osipova Olimpiya oʻyinlarida finalgacha yetib borib, fransiyalik Alteya Loren bilan oʻtgan bahsida kumush medalni qoʻlga kiritdi. U Oʻzbekiston tarixida Olimpiada sovrindori boʻlgan ilk ayol taekvondochiga aylandi. Barakalla Svetlana!
Terma jamoamizning yana bir aʼzosi Akbar Joʻraev Parij Olimpiadasida ogʻir atletika boʻyicha kumush medal oldi. U dast (185 kg) va siltab koʻtarishda (219) umumiy 404 kg toʻplab ikkinchi oʻrinni egalladi. Ofarin Akbar Joʻraev!
Parij shahrida davom etayotgan 2024-yilgi yozgi Olimpiada oʻyinlarining erkin kurash bahslari finalida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, kurashchi Razambek Jamalov oltin medalni qoʻlga kiritdi. Finalda u yaponiyalik raqibi Daichi Takatanini muddatidan avval magʻlub etdi va Oʻzbekiston hisobiga 6-oltin medalni kiritdi. Bu Oʻzbekistonning soʻnggi 20 yil ichida erkin kurash boʻyicha olgan ilk Olimpiya oltin medalidir. Oltin medal muborak Razambek!
2024-yilgi yozgi Olimpiada oʻyinlarining boks bahslari finalida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Abdumalik Xaloqov 57 kg vazn toifasida qirgʻizistonlik Munarbek Seitbek oʻgʻliga qarshi kurashib raqibini 5:0 hisobida yengdi va Oʻzbekistonga 7-oltin medalni taqdim etdi. Barakalla Abdumalik!
Oʻzbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov eng ogʻir vazn (+92 kg) toifasida ispaniyalik raqibi Ayyub Gʻadfanini magʻlub etib, Parij Olimpiadasining oltin medalini qoʻlga kiritdi. Bu uning faoliyatidagi Tokio-2020 dan keyingi ikkinchi Olimpiada oltini boʻlib, u ikki karra Olimpiya oʼyinlari chempioni boʻldi. Omad yor boʻlsin Bahodir!
Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzaga yetdi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi barcha yurtdoshlarimizni hamda sportchilarimiz Svetlana Osipova, Akbar Joʻraev, Razambek Jamalov, Abdumalik Xaloqov, Bahodir Jalolovlarni gʻalaba bilan muborak etadi. Omad yor boʻlsin chempionlar!