09.07.2024
156
Joriy yilning 9 iyul kuni Toshkent shahrida “Bandlik va ijtimoiy himoyani uygʻunlashtirish orqali Oʻzbekistonda ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Ungo, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, xorijiy davlatlar elchilari, vazirlik va idoralar vakillari, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya aʼzolari, shuningdek “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori Raximova Nigina Xayrullayevna xam Milliy komissiya aʼzosi sifatida ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqib mazkur konferensiya ijtimoiy adolatni mustahkamlash, aholi bandligi va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, inson huquqlari institutini mustahkamlash, tengsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, ularning oldini olish sohasidagi siyosatni takomillashtirish yoʻlidagi dastlabki qadam ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo Oʻzbekiston majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish boʻyicha katta yutuqlarga erishganini, bu borada XMT va boshqa davlatlar uchun namuna boʻlganini alohida taʼkidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan va ijtimoiy hamkorlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan islohotlarning keng qamrovli ekaniga urgʻu berdi.
Ushbu tadbir davomida ijtimoiy adolatni taʼminlashda mehnat meʼyorlarining ahamiyati, islohotlar davrida ijtimoiy adolat va munosib mehnatni ilgari surish, umumiy farovonlik uchun ijtimoiy muloqot: imkoniyatlardan teng foydalanish va adolatli taqsimlash mavzulari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish, munosib ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyani mustahkamlash “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ajralmas qismi ekanligi aytib oʻtildi.
Tadbirda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Konferensiya oxirida xalqaro konferensiya yakuni boʻyicha rezolyutsiya qabul qilindi.