20.10.2025
65
21 oktyabr — oʻzbek xalqining milliy gʻururi va maʼnaviy ozodligini ifodalovchi ulugʻ sana — Oʻzbek tili bayrami kunidir.
“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi barcha yurtdoshlarimizni ushbu bayram bilan chin dildan tabriklaydi.
Oʻzbek tili – bu nafaqat xalqimizning soʻz boyligi, balki uning maʼnaviy dunyosi, milliy ongi va birdamligining asosidir. Bugun oʻzbek tili davlat tili sifatida yurtimizning barcha jabhalarida yaʼni, davlat boshqaruvi, taʼlim, ilm-fan, matbuot, madaniyat va huquqiy sohalarda yetakchi oʻrinni egallab, mamlakatimiz taraqqiyotining maʼnaviy poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Ona tili – milliy oʻzligimizni ifoda etadigan beqiyos maʼnaviy boyligimizdir. Tilni asrash – millatni asrash demakdir.” Shu maʼnoda, oʻzbek tilining nufuzini oshirish, uning ilmiy, rasmiy va ijtimoiy sohalardagi qoʻllanilishini kengaytirish barchamiz uchun muhim vazifadir.
Bugun yurtimizda Oʻzbek tili bayrami keng nishonlanmoqda. Barcha taʼlim muassasalarida, madaniy markazlarda, kutubxonalar va ommaviy axborot vositalarida “Ona tilim – faxrim menim”, “Til – millat ruhi” shiorlari ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu jarayon tilga boʻlgan hurmat va muhabbatni yanada mustahkamlamoqda.
Fikrimizcha, til xalq ongining asosiy koʻzgusi, jamiyat taraqqiyotining mezonidir. Milliy oʻzligimiz, madaniyatimiz va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqatimiz aynan til orqali namoyon boʻladi. Shu bois, har bir fuqaro ona tilining sofligini saqlash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodlarga pok holda yetkazish uchun masʼuldir.
Markaz jamoasi barcha yurtdoshlarimizni ona tilimizni ardoqlab, uni hayotning barcha sohalarida faol qoʻllashga, yosh avlod ongida tilga hurmat va iftixor tuygʻusini mustahkamlashga chaqiradi.
Ona tilimizning shaʼnini ulugʻlab, yurtimiz kelajagi uchun xizmat qilayotgan barcha hamyurtlarimizni Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy tabriklaymiz!
Yurtimizda har bir soʻz oʻz ona tilimizda yangrasin, har bir fikr oʻzbek tilida ifoda etilsin, har bir qalbda milliy iftixor va maʼnaviy birlik yorqin boʻlsin!
Bayram muborak!
“Ijtimoiy fikr” respublika
jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi


