13

Joriy yilning 2 may kuni “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi 9 may kuni — Xotira va qadrlash kuni, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 80 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan “Gʻalaba bogʻi” memorial majmuasiga maʼnaviy-maʼrifiy tashrif uyushtirildi.

Tashrifning asosiy maqsadi — Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan jang va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida Vatan oldidagi xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining muqaddas xotirasini abadiylashtirish, ularga chuqur hurmat-ehtirom bildirish, tarixiy xotirani asrab-avaylash va yosh avlod ongida vatanparvarlik tuygʻusini mustahkamlashdan iboratdir.

Markaz xodimlari “Gʻalaba bogʻi”da joylashgan “Motamsaro ona” haykali, “Jasurlik devori” kabi ramziy yodgorliklar yonida gul qoʻyib, halok boʻlgan fidoyi yurtdoshlar xotirasini yod etishdi. Shundan soʻng, “Shon-sharaf” muzeyiga tashrif buyurildi. Muzeydagi ekspozitsiyalar orqali mehmonlar Oʻzbekiston farzandlarining urushdagi va mehnat frontidagi jasorati, gʻalabaga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mustaqillik yillarida davlat xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga qaratilgan fidokorona xizmatlari haqida keng maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Tashrif chogʻida markaz xodimlari oʻrtasida vatanparvarlik tarbiyasi, milliy qadriyatlarning zamonaviy-maʼnaviy hayotdagi oʻrni, yoshlarni ijtimoiy faollikka undashning dolzarb masalalari yuzasidan mulohazalar almashildi.

Mazkur tashabbus “Ijtimoiy fikr” markazining ijtimoiy ong, milliy oʻzlik, jamoaviy xotira va ijtimoiy-axloqiy masʼuliyat kabi tushunchalarni jamiyat ongida mustahkamlashga xizmat qiluvchi amaliy faoliyatining muhim qismi sanaladi.