20

“Ijtiimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatimiz fuqarolari orasida “O‘zbekistonda atrof-muhit holatini fuqarolarning idrok etishi” mavzusida yirik sotsiologik tadqiqot o‘tkazishni boshladi. Ushbu tadqiqot ekologik vaziyat va aholining atrof-muhitga munosabatini chuqur tahlil qilishga qaratilgan.

So‘rovnoma fuqarolarning ekologik xabardorlik darajasi, tabiat va atrof-muhitga munosabati, so‘nggi yillarda kuzatilgan o‘zgarishlar, eng jiddiy ekologik muammolar va ularni hal etish bo‘yicha takliflarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, aholi orasida “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga munosabat, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanishga tayyorlik haqidagi fikr-mulohazalar ham o‘rganilmoqda.

Mazkur tadqiqot 2025 yil Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashga qaratilgan bo‘lib, dasturda “2025 yil – Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” sifatida belgilangan. Unda ekologik barqarorlik, toza energiya manbalari, yashil infratuzilma va chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilgan. Shu ma’noda, “Ijtimoiy fikr” markazi o‘tkazayotgan ushbu tadqiqot davlat islohotlarining jamiyatda qanday qabul qilinayotganini baholash va ularning ijtimoiy samaradorligini o‘rganishga xizmat qiladi.

Natijalar davlatning ekologik siyosatini takomillashtirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish va barqaror kelajak sari yo‘naltirilgan “yashil” islohotlarni yanada samarali amalga oshirishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qiladi.