16.11.2023
394
16 noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni
Xalqaro YUNESKO tashkiloti dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni oʻrnatish, millatlar va elatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, hozirda bagʻrikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. Ularning yorqin namunasi 1995 yil 16 noyabrda Parijda YUNESKO bosh konferensiyasining 28-sessiyasida eʼlon qilingan “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”dir. Hozirda ushbu kun butun dunyoda “Xalqaro bagʻrikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik, osoyishtalik, begʻubor osmon ahamiyati har qachongidan ham ortib ketdi. Yurtimizda xilma–xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zaminda buyuk gʻoya va sof niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashayotganligi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir. Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari boʻlib, ular 16 ta turli konfessiyaga eʼtiqod qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda ular tinch, ahil-inoq yashab kelmoqdalar. Jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼiy nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, Konstitutsiyamizda har bir inson haq-huquqi, erkinligi va kafolatlangani xususida shunday deyilgan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi”. Oʻzbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, haq-huquq va burchlari qonunimiz doirasida aniqlanib, belgilab qoʻyilgan. Diniy bagʻrikenglik turli din vakillari eʼtiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qatʼiy nazar ularning yonma-yon, oʻzaro tinch-totuv yashashini anglatadi.
Jamiyatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklar va ziddiyatli vaziyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish uchun asos sifatida millatlararo munosabatlarning holatini monitoring qilib borish millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biri boʻlib hisoblanadi.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi tomonidan bagʻrikenglikka asoslangan mamlakatda millatlararo munosabatlarning holati va rivojlanish tendensiyalarini hamda boshqa millatlar vakillariga munosabat boʻyicha Oʻzbekistonliklarning fikrlarini oʻrganish maqsadida monitoring rejimida “Fuqarolar millatlararo munosabatlar haqida” mavzusida 2023 yilning 9-13-oktyabr kunlari, 18 va undan katta yoshdagi respondentlar oʻrtasida telefon orqali soʻrov olib borildi.
Tadqiqot jarayonida aniqlanishicha, tub millat vakillari millatlararo munosabatlarning holatini yuksak baholashadi: 89,2% soʻralganlarning hisoblashicha, mamlakatimizdagi turli millatlar vakillari oʻrtasidagi munosabatlarni xayrixoh, doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari sifatida tavsiflash mumkin. Markaziy Osiyo xalqlari vakillari orasidan 93,8% soʻrov ishtirokchilari bu fikrga qoʻshilishdi, slavyan guruhi vakillari orasida fikrlar ikkiga boʻlindi, ammo ular ham ijobiy tusga ega.
Olingan natijalar fuqarolarning ijobiy ijtimoiy kayfiyatini aks ettiradi va Oʻzbekiston jamiyatidagi turli millatlar vakillari oʻrtasidagi munosabatlarning umumiy ijobiy asoslarini qayd etadi. Oʻzbekistonliklarning koʻpchilik qismi millatiga koʻra oʻzini xush koʻrishmayotganini his qilmaydi, huquqlarining kamsitilishi va huquqlarining buzilishi holatiga duch kelmagan.
Oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovi natijalari Oʻzbekistonda davlatimiz Rahbari yetakchiligida aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash, millatlararo totuvlik, turli millatlar va xalqlar oʻrtasida hurmat va oʻzaro hamjihatlik muhitini saqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan mutanosib, chuqur oʻylangan va konstruktiv millatlararo siyosat amalga oshirilayotganligini tasdiqlaydi. Mamlakat Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi jamiyatda barqarorlik va tinchlikni taʼminlash, fuqarolar ongida katta, koʻp millatli yagona oilaga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.