20.10.2023
347
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni
YUNESKOning bergan maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda qariyb 7 mingga yaqin til mavjud, lekin ulardan faqat 200ga yaqinigina davlat tili maqomiga ega. Shular qatorida bugungi kunda jahon miqyosida 50 milliondan ortiq kishi so‘zlashib, ko‘plab mamlakatlarda katta ishtiyoq bilan o‘rganilayotgan go‘zal va jozibali til - o‘zbek tilining ham borligi qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi.
O‘zbekistonda 1989-yil 21-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonunda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi O‘RQ-615-son Qonuniga asosan esa 21-oktabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Dunyoning azaliy va boy tillaridan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun davlat mustaqilligining ramzi, ulkan maʼnaviy qadriyat va milliy o‘zligimiz belgisiga aylangan.
So‘nggi yillarda yurtimizda o‘zbek tili masalasidagi davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohang ravishda olib borilmoqda. Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston poydevori yaratilayotgan ushbu shiddatli kunlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning rivojini taʼminlash bilan bir qatorda xalqimiz tafakkurining bebaho xazinasi bo‘lmish o‘zbek tilini asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalardan biriga aylandi.
Bugun har bir inson o‘zining yoshi, jinsi, eʼtiqodi, kasb-kori, lavozimi va yashash joyidan qatʼi nazar, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim. Zero, davlatimiz Rahbari taʼkidlaganidek, o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat, mustaqillikka bo‘lgan munosabat hisoblanadi.
O‘zbek tili bayramingiz muborak bo‘lsin, azizlar!