242

“Ijtimoiy sohani rivojlantirishning zamonaviy trendlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

 

Joriy yilning 27-oktabr kuni Mirzo Ulug’bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ijtimoiy ish” kafedrasi va J.Balasagin nomidagi Qirg’iz Milliy universiteti “Sotsiologiya va ijtimoiy ish” kafedrasi hamda bir qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning zamonaviy trendlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy sohani rivojlantirishda fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish, ehtiyojmand oilalar va bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy sohada xizmat ko‘rsatish jarayonlarini standartlashtirish va inklyuziv ta’limni shakllantirish hamda to‘siqsiz muhitni barpo etishga oid tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Xalqaro konferensiyada dastavval Rossiyadagi Oliy iqtisodiyot maktabining Ijtimoiy fanlar fakulteti professori, Ijtimoiy integratsiyani tadqiq qilish xalqaro laboratoriyasining mudiri Ye.R.Yarskaya-Smirnova hamda J.Balasagin nomidagi Qirg’iz Milliy universiteti “Sotsiologiya va ijtimoiy ish” kafedrasi mudiri A.R.Jusubaliyevlar o‘z ma’ruzalarini  taqdim etishdi. Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston Nogironlari Assotsiatsiyasi raisi O.Yu.Isakov, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M.A.Nurmatova hamda UNISEF Bolalar jamg’armasining O‘zbekistondagi “Bolalar himoyasi” dasturi maslahatchisi D.I.Isayevalar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Sotsiologiya” va “Ijtimoiy ish” kafedralarining yaqin hamkori bo‘lgan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori o‘rinbosari M.K.Xadjimuxamedov ishtirok etdi va mazkur konferensiya  to‘g’risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ijtimoiy ish” kafedrasi mudiri N.M.Latipova so‘zga chiqdi.

Shundan so‘ng anjuman qatnashchilari kelgusidagi vazifalar to‘g’risida fikr almashishdi va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish haqida kelishib olindi.