191

Gender tenglik

Bugungi kunda gender tengligi jinsidan qat’i nazar teng imkoniyatlarni ta’minlash zarurati tufayli ko‘plab davlatlarning siyosatini aks ettiruvchi strategik muhim yo‘nalishlardan biridir. Gender tengligi insonning muhim huquqi bo‘lib, unga erishish inson taraqqiyotini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi va barqaror rivojlanishning asosiy omili hisoblanadi.

Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida, shuningdek, BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish va ularga erishish bo‘yicha izchil ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash global jarayonlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Davlat boshqaruvining yuqori lavozimlarida xotin-qizlarning vakilligini oshirish, gender tengsizligini bartaraf etish, parlament, hukumat va sud tizimida ularning sonini ko‘paytirish shular jumlasidandir.

Konstitutsiyaning yaqinda qabul qilingan yangi tahririda ana shu maqsadlarga erishish uchun konstitutsiyaviy-huquqiy makon yaratilib, gender tengligining huquqiy kafolatlari qayd etilgan. Konstitutsiyamizning 58-moddasida  “Ayollar va erkaklar teng huquqlarga ega. Davlat jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlaydi” deb ko‘rsatilgan.

Gender tengligiga erishish bo‘yicha strategik kun tartibining asosiy o‘rinida gender tadqiqotlarini rivojlantirish dolzarb mavzu bo‘lib qolmoqda, shu munosabat bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi har yili “Fuqarolar mamlakatda gender tenglikning ta’minlanishi haqida” monitoring tadqiqotini o‘tkazadi.

2023-yil 14-noyabrda Markaz tomonidan, Fuqarolar mamlakatda gender tenglikning ta’minlanishi haqida telefon orqali so‘rovni boshladi. Bunda  fuqarolarning gender tengligi masalalaridan xabardorlik darajasi va munosabatini aniqlash, jamiyatning turli jabhalarida gender tengligi bo‘yicha aholi fikrini, shuningdek, gender tengsizligining sabablari va uni bartaraf etish yo‘llari haqidagi fikrlarni o‘rganishga qaratilgan.