366

30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni

O‘zbekiston zaminida qadimdan turli millat vakillari yashab, bilimlari bilan almashib, savdo-sotiq qilishgan. Xalqimizga xos bo‘lgan mehmondo‘stlik va oliyhimmatlik aynan mana shu ildizlarga ega. O‘zbekistonda hukm surayotgan birdamlik, tinchlik va totuvlik mamlakatning eng katta boyligidir. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashab, mehnat qilmoqda. Bizni madaniyat, an’analar, urf-odatlarning umumiyligi, tillarning yaqinligi, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro hurmat bog‘lab turadi. Mamlakatimizda 138 ta milliy madaniyat markazi va 34 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatib turibdi. 16 ta konfessiyaga tegishli 2225 ta diniy tashkilot o‘z ishini erkin amalga oshirmoqda.

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan har yili o‘tkaziladigan «O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar jamoatchilik fikri ko‘zgusida» mavzusidagi sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, jamoatchilik ongida mamlakatimizning etnik-madaniy va til xilma-xilligi, madaniyatlararo va dinlararo hamkorlikning ko‘p asrlik tajribasi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining merosi ekanligiga komil ishonch hukm surmoqda. Olingan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi millatlararo munosabatlar aksariyat fuqarolar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Turli millat vakillaridan iborat 86% so‘rov ishtirokchilarining  fikricha, mamlakatimizda 130 dan ortiq turli millat va elatlarning bir davlatda yashashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik uchun kuchli poydevor yaratilgan, o‘zbekistonliklarning umumfuqarolik va millatlararo birdamligini mustahkamlash, O‘zbekiston xalqlarining etnik-madaniy o‘ziga xosligini saqlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash, jamiyat va davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan chuqur o‘ylangan milliy siyosat amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda «Do‘stlik» haftaligini nishonlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktorining o‘rinbosari Popenkova Albina Viktorovna «Xalqlar do‘stligi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Markaz xodimlari A.V.Popenkovani munosib mukofot bilan samimiy muborakbod etadi va unga mustahkam sog‘liq, keyingi ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!