10.11.2023
314
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti
Joriy yilning 8-9-noyabr kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tdi. 1992-yil noyabridan buyon tashkilotga a’zo bo‘lgan O‘zbekiston IHTning ko‘p tomonlama sammitiga ilk bor mezbonlik qilmoqda. O‘zbekiston IHTni Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda rivojlanishni yaxshilash hamda savdo va investitsiyaviy imkoniyatlarni ilgari surish yo‘llarini muhokama qilish uchun platforma sifatida qaraydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston mintaqalararo tranzit tugunlarini yaratish, zamonaviy transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini maqbullashtirish, xalqaro yuklar va yo‘lovchi tashish shartlarini soddalashtirish hamda transport sohasiga raqamlashtirishni joriy etish tarafdori bo‘lib maydonga chiqmoqda. Bugungi kunda IHT davlatlari O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari hisoblanadi.
“Ijtimoiy fikr” RJFO‘M tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekiston va nufuzli xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro konstruktiv va samarali hamkorlik tarafdori ekanligini, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning mamlakatimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo‘shish, yaqin va uzoq xorij davlatlari bilan do‘stona aloqalarni davom ettirish, iqtisodiy, savdo-sotiq, madaniy-gumanitar sohalarda konstruktiv hamkorlik va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi. Ijtimoiy so‘rovlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakat fuqarolari mintaqada savdoni soddalashtirish va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘zbekistonni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mintaqalarining yirik bozorlari bilan bog‘lovchi transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan yanada samarali foydalanish tarafdoridir.
Jamoatchilik fikrida davlatimiz Rahbarining tashabbuslari, jumladan, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish, ishbilarmonlik aloqalari va sanoat markazlarini shakllantirishga doir chiqishlari yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanishi ustunlik qilmoqda, ushbu tashabbuslar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish va fuqarolar farovonligini oshirish omili sifatida qabul qilinmoqda.
Bugungi kunda o‘zbekistonlik aksariyat fuqarolar uchun O‘zbekistonning IHT doirasida energetika sohasidagi va mintaqalararo energiya uzatish tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, «yashil» energiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorligi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Mamlakatimiz aholisi uchun O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Ijtimoiy so‘rovlar tahlili IHTga a’zo barcha mamlakatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish mintaqaning mavjud ekologik muammolariga, jumladan, respublikamiz aholisi hozirning o‘zida to‘qnash kelayotgan suv resurslarining tanqisligi, yerlarning cho‘llanishi, chang bo‘ronlarining ko‘payishi, o‘simlik va hayvonot dunyosi ayrim turlarining qisqarishi kabi muammolarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi jamiyatda chuqur anglanayotganini ishonch bilan ta’kidlash imkonini beradi.
O‘zbekistonliklar IHTga a’zo mamlakatlar o‘rtasida istiqbolda ham o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik davom ettirilishini, mintaqada madaniy-gumanitar sheriklikni rivojlantirish va chuqurlashtirishni hamda turizmni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydilar.
Monitoring so‘rovlari, ko‘pchilik fuqarolarning fikricha, davlatimiz Rahbarining mutanosib va puxta o‘ylangan siyosati, mamlakatimizning IHT kabi obro‘li xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish va milliy manfaatlarni ilgari surish, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo barcha davlatlar bilan samarali hamkorlik qilish uchun mustahkam zamin yaratayotganini aniqladi.
Hozirgi paytda IHT yuksak nufuzga ega bo‘lib, mintaqaning ko‘plab mamlakatlari uchun jozibador hisoblanadi, chunki u a’zo mamlakatlarga Tashkilot doirasida samarali muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. O‘zbekistonliklar IHTning ishtirokchi davlatlarga samarali mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik uchun shart-sharoitlar yaratish, mintaqada xalqaro huquq normalariga muvofiq, tenglik, o‘zaro hurmat va milliy manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida keng, ochiq, o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlikni shakllantirish bo‘yicha faoliyatini ijobiy baholaydi. Ular mintaqadagi qo‘shnilar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar yanada rivojlantirilishi, kimyo, energetika, geologiya, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmasevtika va qurilish tarmoqlarida yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirilishidan umid qiladilar.
O‘zbekiston jamiyatida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti to‘g‘risida mamlakatimiz, Markaziy Osiyo mintaqasi va umuman butun dunyo miqyosidagi bu muhim siyosiy voqea ushbu tashkilot doirasida hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirishga katta hissa qo‘shadi hamda mamlakatimizga iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, IHTga a’zo barcha mamlakatlar manfaatlariga muvofiq sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillarini ilgari surishda yordam beradi, degan tasavvur ustunlik qiladi.