10.08.2023
271
ZAMONAVIY MAKTAB: BAHOLAR VA ISTIQBOLLAR
Xalq ta’limini rivojlantirish – umummilliy harakatga aylanib ulgurgan umumiy maqsaddir.
So‘nggi etti yil davomida O‘zbekistonda dunyoda qabul qilingan eng ilg‘or yondashuv va standartlarga asoslangan yangi maktab ta’limi tizimi barpo etilmoqda. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish jarayonini isloh qilish bunga yorqin misol bo‘lib xizmat qiladi. Oxirgi yillarda Prezidentning 17 ta Farmon va Qarori, Vazirlar Mahkamasining 44 ta Qarori qabul qilindi. Davlat rahbarining 2019-yil 29-apreldagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Bundan buyon zamonaviy maktab quyidagi asosiy sohalar bo‘yicha baholanadi: ta’lim va tarbiya jarayoni, umumiy ta’lim muassasasini boshqarish, malakali mutaxassislar bilan ta’minlanganlik, moddiy-texnik baza va infratuzilma.
2023-yil avgust oyida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi «Zamonaviy maktab: baholar va istiqbollar» mavzusidagi jamoatchilik fikrini kompleks o‘rganishga kirishdi, uning maqsadi mamlakatimiz fuqarolari, xususan, ota-onalar va o‘qituvchilarning hozirgi maktab o‘quvchilari olayotgan umumiy ta’limning sifatini baholash, o‘qituvchilar va umumta’lim maktablari uchun darsliklarning malaka darajasi, o‘quv dasturini o‘zlashtirish shartlari va o‘quvchilarning o‘zlashtirmaslik sabablarini aniqlash, ota-onalarning zamonaviy maktabdan umidlarini aniqlash, bola/bolalar uchun maktabni tanlashdagi asosiy omillar, shuningdek, jamiyat va mamlakatning ijtimoiy institutlaridan biri sifatida o‘rta umumta’lim maktabining funksiyalari va vazifalari haqidagi fikrlarini aniqlash va o‘rganishdan iborat.