228

Ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari forumi

2023-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida “Ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari forumi” bo‘lib o‘tdi. Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad - xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish va ta’minlashga ko‘maklashish uchun yetakchi ayollar, faollar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini birlashtirish hamda O‘zbekistonda ayollar nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ayollari mamlakatni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishmoqda. Siyosiy partiyalarda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida xotin-qizlar faolligining barqaror oshish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Ayollar harakatining o‘sishi xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlarining paydo bo‘lishi va faol faoliyati bilan birga bir paytda davom etmoqda,  ushbu forum yuqori darajadagi rivojlanish va jipslikka erishilganligidan dalolat beradi. Bugungi kunda xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlari ayollarning malakasini, kasbiy tayyorgarligini oshirish  va qayta tayyorlash bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirmoqda. Ayollarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qiladigan bunday nodavlat notijorat tashkilotlari mamlakat ijtimoiy hayotining bir qismiga aylandi, eng muhimi, ayollarning o‘zi ularni o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyati va yuzaga kelayotgan muammolarning haqiqiy echimi deb biladi. Xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlari ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish, yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish ish olib bormoqda,  ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga o‘rgatmoqda, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi faolligini oshirish bo‘yicha seminar, trening va konferensiyalar o‘tkazmoqda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilani mustahkamlash  bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Xotin-qizlar nodavlat notijorat tashkilotlari forumi ishtirokchilari ayollarning, ayniqsa qishloq joylarda yashovchilarning  ijtimoiy faolligini, huquqiy madaniyatini oshirishda ham yirik, ham mustaqil NNTlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha vazifalarni belgilab oldilar. Tadbir xotin-qizlar jamoat tashkilotlarining davlat organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy sherikligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forumda "Ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribalari, amaliyotlari va innovatsion yondashuvlari" mavzusida "Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori, iqtisod fanlari doktori N.X. Raximova ma’ruza qildi, u "Ijtimoiy fikr" Markazi O‘zbekiston fuqarolarining fuqarolik jamiyati va fuqarolik institutlari haqidagi asosiy tasavvurlarini, shuningdek, NNTlar faoliyati bilan bog‘liq respondentlarning asosiy qarashlarini o‘rganishga,  fuqarolar tomonidan mamlakatda islohotlar va modernizatsiya jarayonlarida, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda ularning roliga berilgan  baholarni  o‘rganishga qaratilgan tizimli kompleks so‘rovlarni o‘tkazayotganini ta’kidladi. Jamoatchilik fikri so‘rovlari fuqarolarning fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada kuchaytirish va ijtimoiy sheriklikning amaliy mexanizmlarini takomillashtirishga bo‘lgan ishonchini tasdiqlaydi, bu davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida konstruktiv muloqotni ta’minlashga, ijtimoiy rivojlanishning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishda strategik qarorlarni ishlab chiqish jarayonida NNTlarning vakolatlarini kengaytirishga,  inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga yordam beradi.

Ishtirokchilar ushbu forum nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va davlat organlari o‘rtasida  axborot va tajriba almashish bo‘yicha doimiy maydon bo‘lib qolishi yuzasidan taklif kiritdilar.