191

Hurmatli hamkasblar! Xonimlar va janoblar!

«O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot» mavzusidagi doimiy xalqaro ilmiy-amaliy seminar doirasida akademik Raʼno Ubaydullayeva nomidagi yillik sotsiologik o‘qishlar o‘tkazilishi arafasida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining tashabbusi va bevosita ishtirokida «Taʼlimning tuzilmaviy modernizatsiyasi jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida» nomli ilmiy maqolalar to‘plami chop etildi.

To‘plamda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maqolalar taqdim qilingan:

  1. Yangi voqelik sharoitida O‘zbekiston jamiyatini rivojlantirish strategiyasi.
  2. Zamonaviy taʼlimning dolzarb masalalari: muammolar va istiqbollar.
  3. Ilm-fan va innovatsiyalar: tajriba, imkoniyatlar, strategiyalar.

 

Taqdim qilinayotgan nashrda siz O‘zbekiston Respublikasi  Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Q.X.Abdurahmonov, Qozog‘iston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi akademigi, sotsiologiya fanlari doktori, professor Z.K.Shaukenova,  sotsiologiya fanlari doktori, professor M.B.Bekmurodov, iqtisodiyot fanlari doktori, professor N.S.Aliqoriyev, iqtisodiyot fanlari doktori N.X.Rahimova, falsafa fanlari nomzodi R.J.Mahmudov, sotsiologiya fanlari nomzodi  A.S.Gonashvili, tarix fanlari nomzodi M.Yu.Spirina kabi  yetakchi olimlarning ilmiy maqolalari bilan tanishishingiz mumkin.

Havola qilinayotgan to‘plamda Rossiya, Qozog‘iston sotsiolog-olimlari, tadqiqotchilar, doktorantlar, sotsiologiya sohasidagi magistrlar, o‘rta va oliy taʼlim sohasidagi nazariyotchi va amaliyotchi mutaxassislarning maqolalari ham berilgan.

O‘qishga tavsiya etilayotgan ilmiy maqolalarning ahamiyati shundaki, ular taʼlim sohasidagi islohotlarning jamiyat va fuqarolarga taʼsirini chuqurroq o‘rganishga, zamonaviy jamiyatning eng muhim xususiyatlarini aniqlashga, ilg‘or taʼlim standartlari va metodikasini joriy etish hamda qo‘llashga qaratilgandir.

To‘plamning nashr etilishi joriy yilning noyabr oyi oxirida «Taʼlimning tuzilmaviy modernizatsiyasi jamiyat barqaror rivojlanishining asosi sifatida» mavzusida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy-amaliy seminarga bag‘ishlanadi.

Seminar mavzusi tashkilotchilar nuqtai nazarida juda zamonaviy bo‘lib, dolzarb ahamiyat kasb etadi, chunki unda mamlakatimizda ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi konsepsiyasi to‘liq aks ettirilgan bo‘lib, u nisbatan yaqinda ommaviy axborot vositalari va televideniyeda barcha darajadagi davlat organlari vakillari, shuningdek, ekspertlar, olimlar, siyosat va jamoat arboblari tomonidan  fuqarolar bilan birgalikda keng muhokama qilindi.

Seminar davomida O‘zbekiston jamiyatining yangi voqelik sharoitidagi rivojlanish strategiyasi masalalari, zamonaviy taʼlim muammolari va istiqbollari, shuningdek, zamonaviy dunyoda ilm-fanning o‘rni muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Maʼruzalar mavzusi Prezidentimizning "Farovonlik kaliti taʼlim, tarbiya, bilimdadir" tezisiga to‘liq mos tushadi va mamlakatning bilimli, har tomonlama barkamol, vatanparvar va masʼuliyatli fuqarolarini tarbiyalash muammolariga, shuningdek, yuqori malakali kadrlarga iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga o‘z vaqtida  javob bera olish qobiliyatiga muvofiq keladi.