74

21-oktyabr Oʻzbek tili bayrami kuni

Hurmatli vatandoshlar!

Ijtimoiy fikr respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi xodimlari Siz azizlarni 21-oktyabr – Oʻzbek tilining Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili sifatida qabul qilingan kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etadi!

Barchamizga maʼlumki, 1989-yil 21-oktyabr kuni “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu tarixiy qadam xalqimizning milliy oʻzligi, madaniyati va maʼnaviy merosini qaror toptirishda muhim bosqich boʻldi. Ming yildan ortiq tarixga ega boʻlgan oʻzbek tili milliy oʻzligimizning muhim tarkibiy qismidir.

Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 10-apreldagi OʻRQ-615-sonli Qonuniga muvofiq 21-oktyabr rasman Oʻzbek tili kuni deb eʼlon qilindi. Bunday qaror qabul qilinishi mustaqil davlatning xar jabhada gullab yashnashini va mamlakat aholisining turmush tarzida ona tilining alohida ahamiyati borligini taʼkidlaydi.

Oʻzbek tili turkiy tillar oilasiga mansub boʻlib — xalqimizning maʼnaviy boyligi, ajdodlarimizning madaniy va ilmiy merosi, tafakkurimiz va milliy qadriyatlarimizning asl ifodasidir. Tilimizda yaratilgan bebaho adabiy asarlar, hikmatli soʻzlar, tarixiy manbalar jahon madaniyati xazinasini boyitib kelmoqda. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat, kabi buyuk shoir va mutafakkirlarimiz oʻz asarlari bilan na faqat oʻzbek tilining, balki inson maʼnaviyatining cheksiz salohiyatini namoyon etishgan.

Shu oʻrinda bizning burchimiz — yosh avlodni ona tilimizga muhabbat va hurmat ruhida tarbiyalash, uning qadrini bilgan xolda, tilimiz boyligini asrab-avaylash, oʻzbek tilini yanada ravnaq toptirish, uning dunyo maydonidagi nufuzini oshirishda oʻz hissamizni qoʻshishdir. Oʻzbek tilini dunyo sahnasiga olib chiqish — har birimiz uchun iftixor va masʼuliyatdir.

Shu qutlugʻ bayram munosabati bilan IFRJFOʻM nomidan barchangizga tinchlik-osoyishtalik, sogʻliq-salomatlik va ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Oʻzbek tilimiz doimo yuksalsin, uning goʻzalligi, qudrati va boyligi har bir qalbga muhrlanib boraversin.

Oʻzbek tili bayrami muborak boʻlsin azizlar!