25

TADBIRKORLAR FIKRI - ISHBILARMONLIK MUHITIDAGI IMKONIYAT VA MUAMMOLAR O‘RGANILMOQDA

Mamlakatimizda tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda raqobatbardosh ishbilarmonlik muhitini shakllantirish iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayonda tadbirkorlarning amaliy tajribasi, mavjud sharoitlarga munosabati va rivojlanish ehtiyojlarini ilmiy usullar asosida o‘rganish boshqaruv qarorlarining aniqligi va manzilliligini ta’minlaydigan muhim axborot manbaidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotga tayyorgarlik jarayonida ularni o‘ylantirayotgan masalalarni bevosita o‘rganish, murojaat va takliflarni umumlashtirish hamda aniqlangan muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu maqsadda vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida uchrashuvlar, muloqotlar va so‘rovlar tashkil etilgan, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan iqtisodiy, moliyaviy, infratuzilmaviy, soliq va huquqiy masalalar o‘rganilgan.

Mazkur jarayonlar tadbirkorlar fikrini ilmiy asosda o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini ko‘rsatadi. Chunki tadbirkorlik muhitining haqqoniy holatini faqat rasmiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar orqali to‘liq baholash qiyin. Tadbirkorlarning kundalik faoliyat davomida orttirgan tajribasi, mavjud imkoniyat va to‘siqlarga bergan bahosi hamda kelgusi rejalari sohadagi o‘zgarishlarning ijtimoiy mazmunini ochib beradi.

Ushbu dolzarb vazifalardan kelib chiqib, «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «Biznes yuritish muhiti va sharoitlarini tadbirkorlar tomonidan baholash» mavzusida sotsiologik so‘rov o‘tkazmoqda.

Tadqiqotning asosiy maqsadi tadbirkorlarning amaliy tajribasi, shaxsiy baholari va ehtiyojlarini o‘rganish orqali mamlakatdagi tadbirkorlik muhitining joriy holatini aniqlash, soha rivojiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni tizimli tahlil qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga doir ilmiy asoslangan xulosa va takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

So‘rov doirasida tadbirkorlik sub’ektlarining yillik aylanmasi va bandlik ko‘rsatkichlari, tadbirkorlarning o‘z faoliyatidan qoniqish darajasi, korxonalarning joriy moliyaviy-iqtisodiy ahvoli hamda so‘nggi o‘n ikki oydagi o‘zgarishlar yuzasidan fikrlar o‘rganiladi. Bu orqali turli ko‘lamdagi tadbirkorlik sub’ektlarining iqtisodiy barqarorligi, rivojlanish imkoniyatlari va kelgusi faoliyatga doir kutilmalari baholanadi.

Tadqiqotda mijozlar va talabning yetarliligi, raqobat darajasi, soliq yuki, ma’muriy tartib-taomillar, aylanma mablag‘lar tanqisligi, kredit va boshqa moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlari, xomashyo va resurslar narxining o‘sishi hamda malakali xodimlar yetishmasligining tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri aniqlanadi.

Shuningdek, elektr energiyasi, gaz va suv ta’minoti, internet aloqasi, yo‘llar holati, transport va logistika xarajatlari, ishlab chiqarish, savdo va ombor binolarining mavjudligi, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish bilan bog‘liq infratuzilmaviy sharoitlar tadbirkorlar nuqtai nazaridan baholanadi.

So‘rovda soliq organlari faoliyati, soliqlarni hisoblash va hisobot topshirish tartibi, elektron soliq tizimlarining ishlashi, tekshiruvlar, jarima va penyalar hamda ortiqcha to‘lovlarni qaytarish bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Tadbirkorlarning bank kreditlaridan foydalanish tajribasi, foiz stavkalari, kreditlash muddatlari, garov talablari, imtiyozli davr, lizing, grant, subsidiya, investitsiyaviy moliyalashtirish va islom moliya vositalariga bo‘lgan ehtiyojlari o‘rganiladi.

Davlat xaridlari va tenderlarda ishtirok etishdagi to‘siqlar, elektron platformalardan foydalanish imkoniyatlari, talab qilinadigan hujjatlar, tanlov jarayonlarining ochiqligi, malakali xodimlarni jalb qilish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham tadqiqotning muhim yo‘nalishlarini tashkil etadi.

Tadqiqot orqali tadbirkorlarning davlat ko‘magiga bo‘lgan ehtiyoji, ular uchun ustuvor qo‘llab-quvvatlash choralari, huquqlarining himoyalanganlik darajasi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati samaradorligi baholanadi. Shu bilan birga, korrupsiyaviy xavflardagi o‘zgarishlar, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish rejalari hamda faoliyatni to‘xtatish ehtimoliga ta’sir ko‘rsatuvchi iqtisodiy, tashkiliy va ijtimoiy omillar o‘rganiladi.

So‘rov natijalari tadbirkorlik muhitidagi mavjud imkoniyat va to‘siqlarni aniqlash, muammolarni dolzarblik darajasi bo‘yicha tasniflash, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘makning manzilliligi va samaradorligini baholash uchun ishonchli empirik asos yaratadi.

«Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur tadqiqot tadbirkorlarning fikr va baholarini xolis o‘rganish, ularning real ehtiyojlarini jamoatchilik fikrida aks ettirish hamda davlat organlari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotni ishonchli sotsiologik ma’lumotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.