11

BILIMLAR KUNI — KELAJAKKA ISHONCH VA YANGI MARRALAR IFODASI

Aziz o‘quvchilar!

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Qadrli ota-onalar!

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi barchangizni Bilimlar kuni va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan samimiy muborakbod etadi!

Bilimlar kuni jamiyatimizda ilm-ma’rifatga intilish, ustozga hurmat va yosh avlod kelajagiga daxldorlik tuyg‘ularini mujassam etgan muhim sanadir. Bu kun o‘quvchilar uchun bilim va imkoniyatlar sari yangi qadam, ustozlar uchun mas’uliyatli faoliyatning navbatdagi bosqichi, ota-onalar uchun esa farzandlar kamoli bilan bog‘liq ezgu umidlar ifodasidir.

«Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari vatandoshlarimiz ilm olishni insonning munosib kelajagi, kasbiy rivojlanishi va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim omil sifatida baholayotganini ko‘rsatmoqda. Jamoatchilik fikrida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash bugungi davrning ustuvor talabi ekani, farzandlarga sifatli ta’lim berish esa oila va jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlanmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ta’lim tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyati va ijtimoiy mavqeini yuksaltirishga qaratilgan o‘zgarishlar izchil davom etmoqda. Ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilarning qobiliyati va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun xavfsiz va munosib ta’lim muhitini yaratishga alohida e’tibor berilmoqda.

Yangi o‘quv yili arafasida oilalardagi tayyorgarlik jarayoni, o‘quvchilarning kayfiyati va ota-onalarning kutilmalari aholining ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarga munosabatini aks ettiradi. Maktabga tayyorgarlik o‘quv qurollarini hozirlash bilan bir qatorda, farzandda bilim olishga qiziqish uyg‘otish, uni ruhan qo‘llab-quvvatlash hamda maktab, ustoz va ota-ona hamkorligini mustahkamlashni ham qamrab oladi.

Bugun maktab ostonasidan ishonch bilan kirib kelayotgan har bir o‘quvchining intilishi mamlakatimizning ertangi intellektual salohiyatini belgilaydi. Ustozning bilim, tajriba va mehr bilan bergan har bir sabog‘i yosh avlodning mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyatli va Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan inson bo‘lib kamol topishiga zamin yaratadi.

Aziz o‘quvchilar, yangi o‘quv yili sizlarga chuqur bilim, ijodiy izlanish va munosib yutuqlar olib kelsin!

Hurmatli ustoz va murabbiylar, sharafli mehnatingiz yuksak e’tirof topib, shogirdlaringiz muvaffaqiyati qalbingizga faxr va mamnuniyat bag‘ishlasin!

Qadrli ota-onalar, farzandlaringizning ilm yo‘lidagi har bir qadami ezgu orzu va umidlaringiz ro‘yobiga xizmat qilsin!

Hurmat bilan,

«Ijtimoiy fikr» Respublika
jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi!