28

BUTUNJAHON TURIZM KUNI: SOHA RIVOJI FUQAROLAR BAHOSIDA

27-sentabr - Butunjahon turizm kuni. Bu sana turizm sohasini rivojlantirish, madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylash hamda O‘zbekistonning noyob turistik salohiyatini targ‘ib etishga o‘z mehnati bilan hissa qo‘shayotgan barcha soha vakillarining bayramidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizm sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigida mazkur sohaning mamlakat iqtisodiyotidagi, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishdagi roli tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda soha oldiga turizm va transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, raqamlashtirish, sun’iy intellektni joriy etish, xizmatlar sifatini oshirish hamda turizmning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli vazifalar qo‘yilgan.

Turizm sohasini yanada rivojlantirishda aholining ehtiyojlari, qiziqishlari va kutilmalarini inobatga olish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekistonda ichki turizmning bugungi holati va fuqarolarning ushbu yo‘nalishdagi qarashlarini o‘rganishga qaratilgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, so‘nggi uch yil davomida respondentlarning 42,6 foizi dam olish, turizm yoki sayohat maqsadida O‘zbekistonning boshqa hududlariga safar qilgan. Bunday safarlarga chiqmaganlar orasida esa 28,4 foiz respondent mamlakat hududlari bo‘ylab sayohat qilish istagini bildirgan. Bu ichki turizmga qo‘shimcha qiziqish mavjudligini ko‘rsatadi.

Dam olish uchun eng ko‘p tanlanadigan yo‘nalish — Samarqand viloyati (42,4%). Shuningdek, Buxoro viloyati (23,8%) va Toshkent shahri (23,7%) ham sayohat uchun eng ko‘p tanlanadigan yo‘nalishlar sirasiga kiradi. Fuqarolar safarning asosiy maqsadi sifatida, avvalo, dam olish va muhitni o‘zgartirishni (48,3%), shuningdek, tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylar bilan tanishishni (28,7%) qayd etgan.

Tadqiqot fuqarolar turizmning qaysi yo‘nalishlarini kelgusida rivojlantirishni ustuvor deb bilishini ham ko‘rsatdi. Respondentlar eng ko‘p oilaviy turizmni — 36,1%, madaniy-tarixiy turizmni — 31,3%, tabiiy va ekologik turizmni — 29,3%, sanatoriy-sog‘lomlashtirish turizmini — 28,5% hamda ziyorat turizmini — 24,2% ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etdilar.

Olingan ma’lumotlar ichki turizmni yanada rivojlantirish nafaqat turistik infratuzilmani kengaytirish va yangi yo‘nalishlarni yaratish, balki sayohatlarning aholi uchun qulayligini oshirish, hududlarning turistik imkoniyatlari haqida fuqarolarning xabardorligini kuchaytirish hamda turli ijtimoiy guruhlarning ehtiyoj va talablarini hisobga olish bilan ham bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Ushbu bayram kuni “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi turizm sohasi xodimlari, turoperatorlar, gidlar, mehmonxona biznesi, madaniyat, transport va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarini Butunjahon turizm kuni bilan samimiy muborakbod etadi!

Barchangizga yangi professional yutuqlar, muvaffaqiyatli loyihalar va O‘zbekistonning boy turistik salohiyatini yanada keng namoyon etishda ulkan zafarlar tilaymiz!