20

«IJTIMOIY FIKR» VA VTSIOM O‘RTASIDA PROFESSIONAL HAMKORLIK ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

Xalqaro professional hamkorlikni rivojlantirish doirasida «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillarining Rossiya Federatsiyasidagi Butunrossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (VTSIOM) vakillari bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar jamoatchilik fikrini o‘rganish va sotsiologik tadqiqotlar sohasida ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, professional aloqalarni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash masalalarini muhokama qildilar.

Tomonlar sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish, zamonaviy metodologik yondashuvlarni muhokama qilish, tadqiqot natijalarini tahlil qilish va taqdim etish amaliyoti yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, «Ijtimoiy fikr» Markazi va VTSIOM ishtirokida qo‘shma ekspert va ilmiy-amaliy tadbirlar, seminarlar, davra suhbatlari hamda professional uchrashuvlarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bunday tadbirlar ikki mamlakat sotsiologlari o‘rtasida tajriba va bilim almashinuvini kengaytirish hamda professional muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar yo‘nalishini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yosh sotsiologlar va sotsiologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni ilmiy-amaliy tadbirlar, ta’lim dasturlari, tadqiqot loyihalari va tajriba almashish tashabbuslariga kengroq jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik yosh mutaxassislarning professional salohiyatini oshirish, zamonaviy tadqiqot metodologiyalarini o‘zlashtirish hamda ularning xalqaro professional aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni izchil davom ettirish, qo‘shma tashabbuslarning aniq formatlarini ishlab chiqish hamda «Ijtimoiy fikr» Markazi va VTSIOM o‘rtasidagi professional hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.