07.10.2026
16
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHDA JAMOATCHILIK ISHTIROKI: MILLIY VA XALQARO TAJRIBA
2026-yil 5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun korrupsiyaning oldini olish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish va xalqaro tajribani o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir «O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish – inklyuziv korrupsiyaning oldini olish» loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamda «Transparency International Latvia» hamkorligida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar-treningda «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillari Sh. Boboyev va U. Xalikovalar ishtirok etdilar. Markazning mazkur tadbirdagi ishtiroki jamoatchilik fikrini o‘rganish, ijtimoiy jarayonlarni ilmiy tahlil qilish va fuqarolar pozitsiyasini o‘rganish natijalaridan jamoatchilik nazorati mexanizmlarida foydalanish nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.
Tadbirda «Transparency International Latvia» eksperti Arturs Bikovs, «Transparency International Qirg‘iziston» eksperti Aygul Akmatjanova, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, «Demokratiya va inson huquqlari instituti» respublika jamoat birlashmasi direktori o‘rinbosari Foziljon Otaxonov ishtirok etdi. Xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokidagi muloqot korrupsiyaning oldini olishda fuqarolik jamiyatining o‘rnini turli mamlakatlar tajribasi asosida muhokama qilish imkonini berdi.
Seminarning birinchi yo‘nalishida korrupsiyaning oldini olish va davlat institutlari hisobdorligini oshirishda fuqarolik jamiyatining o‘rni muhokama qilindi. Jamoatchilik nazorati, monitoring, jamoatchilik ekspertizasi, qarorlar loyihalarini muhokama qilishda ishtirok etish, asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish NNTlar faoliyatining muhim vositalari sifatida ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyo va boshqa postsovet mamlakatlarida fuqarolik jamiyati tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi islohotlardagi ishtirokiga oid tajribalar tahlil qilindi.
Alohida e’tibor jamoatchilik monitoringini dalillarga asoslangan yondashuvlar asosida tashkil etish masalasiga qaratildi. Ochiq ma’lumotlar, rasmiy hujjatlar va davlat portallaridan foydalanish, davlat xaridlari va davlat xizmatlarida korrupsiya xavfini ko‘rsatuvchi belgilarni aniqlash, turli manbalardan olingan ma’lumotlarni yig‘ish, tekshirish va qiyosiy tahlil qilish usullari muhokama qilindi. Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar monitoring savolini shakllantirish va jamoatchilik monitoringi rejasini ishlab chiqish bo‘yicha guruhlarda ishladilar.
Seminarning yana bir muhim yo‘nalishi xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlar va ularning ijrosini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish masalalariga bag‘ishlandi. BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC), OECD Istanbul harakatlar rejasining 5-monitoring raundi hamda NNTlarning muqobil hisobotlar tayyorlashdagi ishtiroki ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar xalqaro standartlarni milliy amaliyot bilan qiyoslab, dalillarga asoslangan xulosa va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish ham muhokamalarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, mansabdor shaxslarning haddan tashqari keng ixtiyoriy vakolatlari, noaniq mezon va muddatlar, asossiz istisnolar, ortiqcha talablar, tartib-taomillar hamda nazorat jarayonlaridagi shaffoflik bilan bog‘liq xavf omillarini aniqlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda NNTlarning qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishdagi amaliy ishtirokiga e’tibor qaratildi.
Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar jamoatchilik monitoringi, xalqaro standartlar va jamoatchilik ekspertizasini o‘zaro uyg‘unlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, tajriba almashdilar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr bildirdilar.
Bugungi sharoitda korrupsiyaning oldini olishda institutsional mexanizmlar bilan bir qatorda jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish, aholining davlat institutlariga munosabati va ishonchini tahlil qilish, ijtimoiy kayfiyatdagi o‘zgarishlarni aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi ilmiy-tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik korrupsiyaga qarshi siyosatning jamoatchilik ehtiyojlari va real ijtimoiy jarayonlar bilan uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qiladi.

