12

BISHKEKDA MARKAZIY OSIYODA GIYOHVAND MODDALAR TARQALISHINING OLDINI OLISH DASTURINING 8-BOSQICHI (CADAP 8) ISHGA TUSHIRILDI

2026-yil 7-8-oktabr kunlari Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar tarqalishining oldini olish dasturining 8-bosqichi (CADAP 8) boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan, “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakili ham ishtirok etdi.

CADAP (Central Asia Drug Action Programme) — bu Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriluvchi, Markaziy Osiyo davlatlarida giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan uzoq muddatli mintaqaviy dasturdir.

Dasturning Rahbariyat qo‘mitasi yuqori darajadagi strategik rahbarlik va muvofiqlashtirishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Qo‘mita tarkibiga Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati, Yevropa komissiyasi, Yevropa Ittifoqining Qirg‘izistondagi delegatsiyasi, FIAP, Civipol hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi vakillari kiradi. Yig‘ilishga Qirg‘iz Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Narkotik moddalar noqonuniy muomalasiga qarshi kurash xizmati hamda Yevropa Ittifoqining Qirg‘iz Respublikasidagi vakolatxonasi hamraislik qildi.

Mazkur tadbir mintaqada giyohvand moddalarga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Dastur ikki asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi: birinchisi - mintaqa mamlakatlarini giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlash, ikkinchisi - giyohvand moddalarga bo‘lgan talabni kamaytirish va ularning iste’moliga qarshi kurashish.

Yig‘ilish davomida delegatsiyalar giyohvand moddalarga qarshi kurashish siyosati va ularga bo‘lgan talabni kamaytirish sohasida erishilgan asosiy natijalarni, shuningdek, 2026-yil oktabridan 2027-yil sentabrigacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan dastlabki ish rejalarini taqdim etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va O‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi bosqichning umumiy budjeti 18 million yevroni tashkil etadi. Dasturni 2026-yil fevralidan 2030-yil iyuligacha amalga oshirish rejalashtirilgan. Dastur mintaqaning beshta davlati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oladi.

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining giyohvand moddalarga qarshi kurashish siyosati sohasidagi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishdagi ishtiroki fuqarolik jamiyati institutlarining rolini mustahkamlash, shuningdek, profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatga ega. Shu jihatdan, Markazning mintaqaviy hamkorlikdagi ishtiroki giyohvand moddalar iste’molining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlarni rivojlantirish, davlat tuzilmalari, tadqiqotchilar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda aholining, eng avvalo, yoshlarning haqiqiy ehtiyojlarini hisobga oladigan profilaktika siyosatini shakllantirishga xizmat qiladi.