3

TOSHKENTDA STADA HEALTH REPORT 2026 XALQARO HISOBOTI TAQDIM ETILDI 

Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy yordam sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi salomatligini mustahkamlash hamda umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish O‘zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Yangi tashabbuslar qatorida aholi salomatligini asrash va umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga qaratilgan milliy dasturni tayyorlash ham ko‘zda tutilgan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar sharoitida jamoatchilik fikrini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu fuqarolarning tibbiy xizmatlardan qoniqish darajasini baholash, dolzarb muammolarni aniqlash hamda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda aholi ehtiyojlarini hisobga olish imkonini beradi.

2026-yil 7-oktabr kuni Toshkent shahrida STADA Arzneimittel AG farmatsevtika kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan STADA Health Report 2026 xalqaro tadqiqotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 2026-yilda mazkur tadqiqot 20 ta mamlakatni qamrab oldi. O‘zbekiston ushbu xalqaro tadqiqotda to‘rtinchi marta ishtirok etdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 82% milliy sog‘liqni saqlash tizimidan qoniqish bildirgan. Bu tadqiqotda ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, undan yuqori natija faqat Belgiyada (86%) qayd etilgan. Tadqiqotda ishtirok etgan barcha mamlakatlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 56% tashkil etgan.

Tadqiqot aholi uchun eng dolzarb muammolar va ularning kutilmalarini aniqlash imkonini ham berdi. O‘zbekistondagi respondentlar eng muhim muammolar qatorida ekologik omillarni — 52%, semizlik va nosog‘lom turmush tarzini — 44% qayd etgan. So‘ralganlarning 59% qishloq joylarda va tibbiy xizmatlar bilan yetarlicha qamrab olinmagan hududlar tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi deb hisoblaydi.

Tadqiqotda o‘z salomatligini mustaqil boshqarish va tibbiyot sohasini raqamlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, respondentlarning 92% salomatlik bilan bog‘liq ayrim muammolarni mustaqil davolash mumkin, deb hisoblaydi. So‘ralganlarning 55% esa salomatlik bilan bog‘liq masalalarni hal etishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanayotganini qayd etgan. Bunday texnologiyalardan 35 yoshgacha bo‘lgan respondentlar eng faol foydalanadi — 69%.

Shu bilan birga, tadqiqot natijalari tibbiyot mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilishning ahamiyati saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, so‘ralganlarning 75% shifokor bilan yuzma-yuz maslahatlashishni, 80% esa profilaktik tibbiy tekshiruvlardan an’anaviy shaklda o‘tishni afzal ko‘radi. Respondentlarning 63% dori vositalarini bevosita dorixonalardan xarid qilishni ma’qul ko‘radi.

STADA Health Report 2026 natijalari O‘zbekiston fuqarolarining sog‘liqni saqlash tizimiga munosabatini xalqaro qiyosiy nuqtayi nazardan o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur natijalar aholining ehtiyojlarini aniqlash, fuqarolarning tibbiy innovatsiyalarga munosabatini baholash hamda sohani yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilash imkonini beradi.