15.10.2026
25
RAHBAR XOTIN-QIZLARNING BOSHQARUV KOMPETENSIYALARINI RIVOJLANTIRISHGA BAG‘ISHLANGAN NAVBATDAGI ILMIY MUHOKAMA O‘TKAZILDI
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tadqiqotchisi Xaydarova Djavoxira Akbarovnaning 22.00.02 – «Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi» ixtisosligi bo‘yicha sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan «Rahbar ayollar boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishning sotsiologik jihatlari» mavzusidagi dissertatsiya ishi yetakchi tashkilot sifatida ilmiy muhokamadan o‘tkazildi.
Mazkur ilmiy tadqiqot mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning rahbarlik salohiyatini rivojlantirish, boshqaruv tizimida gender tenglikni ta’minlash hamda professional kadrlar tayyorlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan.
Ilmiy muhokama davomida rahbar xotin-qizlarning boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirish va rivojlantirishga ta’sir etuvchi ijtimoiy, madaniy, tashkiliy hamda institutsional omillar, jamiyatdagi gender stereotiplari, oilaviy va kasbiy mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanat, shuningdek, xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlarida kasbiy o‘sish imkoniyatlari sotsiologik yondashuv asosida ko‘rib chiqildi.
Tadqiqotda rahbar xotin-qizlarning ijtimoiy maqomi, qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki va institutsional faolligini baholashga qaratilgan empirik ko‘rsatkichlar tizimi, boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishning ijtimoiy-diagnostik mezonlari hamda uzluksiz kasbiy rivojlanishning zamonaviy mexanizmlari ilmiy jihatdan asoslangani alohida e’tiborga molik.
Shuningdek, dissertatsiya doirasida ilgari surilgan «hayot davomida ta’lim olish» tamoyili, mentorlik va kouching amaliyoti, raqamli ta’lim platformalari hamda kompetensiyalar klasterini joriy etishga oid takliflarning rahbar xotin-qizlarning professional salohiyatini oshirishdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Ilmiy muhokamada tadqiqotning nazariy-metodologik asoslari, empirik natijalari, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, rahbar xotin-qizlarning boshqaruv faoliyati samaradorligini oshirish, ularning kasbiy rivojlanishini tizimli qo‘llab-quvvatlash hamda genderga sezgir kadrlar siyosatini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy yondashuvlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Mazkur tadqiqotning amaliy ahamiyati rahbar xotin-qizlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ularning boshqaruv kompetensiyalarini baholashning ilmiy mezonlarini ishlab chiqish hamda davlat va jamiyat boshqaruvida inson kapitalidan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bilan belgilanadi.
«Ijtimoiy fikr» markazida o‘tkazilgan yetakchi tashkilot muhokamasi sotsiologiya fanida boshqaruv kompetensiyalari, gender munosabatlari va institutsional rivojlanish masalalarini o‘rganish, ilmiy tadqiqot natijalarini ekspertlik nuqtayi nazaridan baholash hamda ularning amaliy ahamiyatini muhokama qilish uchun muhim ilmiy maydon bo‘lib xizmat qildi.


