16.10.2026
6
O‘ZBEKISTONDA XAVFSIZ VA HURMATGA ASOSLANGAN MEHNAT MUHITINI SHAKLLANTIRISHGA BAG‘ISHLANGAN MILLIY DASTUR TAQDIM ETILDI
2026-yil 15-oktabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida «O‘zbekistonda xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhiti» milliy dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yuqori darajadagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, davlat boshqaruvi organlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatorida «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori Rahimova Nigina Xayrullayevna ham ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi mehnat jamoalarida inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ish joylarida tazyiq, zo‘ravonlik, ruhiy bosim, ta’qib va kamsitish holatlarining oldini olish hamda xavfsiz, adolatli va o‘zaro hurmatga asoslangan mehnat munosabatlarini rivojlantirishdan iborat.
Taqdimot doirasida xodimlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, murojaatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish, tashkilotlarda sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish va boshqaruv madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Mazkur tashabbus mehnat jamoalarida ijtimoiy adolat, gender tenglik, o‘zaro ishonch va mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy faoliyatdan qoniqish darajasi hamda tashkilotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Ijtimoiy fikr» markazi faoliyati nuqtayi nazaridan ushbu yo‘nalish mehnat munosabatlaridagi ijtimoiy jarayonlarni sotsiologik tadqiqotlar asosida o‘rganish, xodimlarning huquqiy himoyalanganlik darajasi va tashkilotlarga bo‘lgan ishonchini baholash, shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlarning ijtimoiy natijadorligini tahlil qilish uchun dolzarb hisoblanadi.
Milliy dasturning amalga oshirilishi mamlakatimizda inson qadri ustuvor bo‘lgan, xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat madaniyatini rivojlantirish hamda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.



