19.10.2026
19
SAMARQAND — O‘ZBEKISTON VA AQSH O‘RTASIDAGI STRATEGIK SHERIKLIKNI KENGAYTIRISH MAYDONI
2026-yil 19-oktabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan yuqori darajadagi xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
18-oktabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga rasmiy tashrif bilan keldi. Mazkur tashrif AQSHning Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik va iqtisodiy hamkorligini faollashtirish doirasida amalga oshirilmoqda. Tashrif dasturidagi asosiy tadbirlardan biri — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda AQSH ishtirokida “C5+1” formatida o‘tkaziladigan tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidir.
Mazkur diplomatik platforma mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, siyosiy muloqotni rivojlantirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli masalalarni birgalikda hal etishga qaratilgan. AQSH tomonining baholashicha, “C5+1” doirasidagi strategik hamkorlik AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari uchun barqaror va farovon kelajakni shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashrif doirasida 19-oktabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Kengaytirilgan strategik sheriklik bo‘yicha muloqotning birinchi yig‘ilishini o‘tkazib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalarini hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda savdo-investitsiya aloqalari, energetika, o‘ta muhim mineral resurslar, ilg‘or texnologiyalar, ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlik va xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif dasturida Marko Rubioning Markaziy Osiyodagi barcha besh davlatning yuqori martabali vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari ham nazarda tutilgan.
Xalqaro tadbirlarning muhim yo‘nalishlaridan biri iqtisodiy sheriklikni kengaytirishdir. Samarqandda Oʻzbekiston – Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan. Kengashga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamraislik qiladi.
Mazkur tadbirlarga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan biri 16-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Serjio Gor bilan uchrashuvi bo‘ldi. Muzokaralar davomida strategik sheriklikni chuqurlashtirish, AQSH Davlat kotibining tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish hamda qo‘shma loyihalarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Amerika delegatsiyasi tashrifi dasturida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish ham alohida o‘rin egalladi. 19-oktabr kuni Marko Rubio Samarqanddagi mashhur Registon maydoniga tashrif buyurdi. Registon Markaziy Osiyoning eng taniqli me’moriy majmualaridan biri bo‘lib, o‘zbek xalqining boy tarixi va ko‘p asrlik madaniy an’analari ramzi hisoblanadi. Registon maydonida AQSH Davlat kotibi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot qilib, Samarqandning xalqaro savdo va madaniy aloqalar chorrahasi sifatidagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi.
Xalqaro hamkorlikning ijtimoiy ahamiyati
O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan strategik sherikligini kengaytirish va “C5+1” formatidagi hamkorlikni mustahkamlash nafaqat davlatlararo munosabatlar, balki mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollari uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yangi ish o‘rinlarini yaratish, mutaxassislar malakasini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga zamin yaratadi.
Jamoatchilik fikrini o‘rganish aholining xalqaro hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini eng muhim deb hisoblashini, shuningdek, fuqarolar o‘z farovonligining yaxshilanishini qanday o‘zgarishlar bilan bog‘lashini aniqlash imkonini beradi.
Samarqandda xalqaro tadbirlarning o‘tkazilishi shaharning diplomatik, iqtisodiy va madaniy muloqot maydoni sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlaydi. O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini rivojlantirish qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Manbalar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati, Prezident matbuot kotibining xabari, AQSH Davlat kotibining tashrifi haqidagi ma’lumot


