28

«IJTIMOIY FIKR» MARKAZI INFRATUZILMA VA URBANIZATSIYA JARAYONLARIGA AHOLI MUNOSABATINI O‘RGANISHGA QARATILGAN SOTSIOLOGIK SO‘ROVNI BOSHLADI

«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «Infratuzilma va urbanizatsiya mamlakat fuqarolarining bahosi va tasavvurida» mavzusida sotsiologik so‘rov o‘tkazish boshlandi.

Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi aholining yashash muhiti, hududiy infratuzilma holati, kommunal xizmatlar sifati va urbanizatsiya jarayonlariga munosabatini o‘rganish, shuningdek, shahar va qishloq hududlarini rivojlantirishga oid ijtimoiy ehtiyojlar hamda jamoatchilikning ustuvor kutilmalarini aniqlashdan iborat.

Tadqiqot doirasida fuqarolarning hududlarni obodonlashtirish, avtomobil yo‘llari va piyodalar yo‘lakchalari, bolalar va sport maydonchalari, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar holatiga bergan baholari o‘rganiladi. Shuningdek, so‘nggi uch yil davomida infratuzilmada kuzatilgan o‘zgarishlar hamda aholining kundalik turmush sifatiga ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb muammolar tahlil qilinadi.

So‘rovda urbanizatsiyaning ijtimoiy jihatlariga ham alohida e’tibor qaratilib, fuqarolarning shahar va qishloq hududlarida yashashga oid afzalliklari, ularga ta’sir etuvchi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik omillar, shuningdek, hududiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan qarashlari aniqlanadi.

So‘rov natijalari aholining real ehtiyojlarini aniqlash, infratuzilmaviy muammolarni jamoatchilik baholari asosida tahlil qilish hamda shahar va qishloq hududlarini mutanosib rivojlantirish, turmush sifatini yuksaltirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun muhim axborot-tahliliy asos bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

«Ijtimoiy fikr» markazi fuqarolarni sotsiologik so‘rovda faol ishtirok etishga va o‘z yashash hududlaridagi sharoitlar yuzasidan xolis fikr-mulohazalarini bildirishga taklif etadi.