17

O‘ZBEKISTONDA SPORT RIVOJI: OLIMPIYA CHEMPIONI DIYORA KELDIYOROVA TATAMIGA QAYTIB, AKTAU ASIAN OPEN 2026 TURNIRIDA OLTIN MEDALNI QO‘LGA KIRITDI

O‘zbekistonda sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni hamda fuqarolarni, ayniqsa, yoshlar, ayollar va bolalarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga qaratilgan boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim huquqiy asosidir.Rasmiy manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, ommaviy sport bilan qamrab olingan aholi soni 15 million kishiga yetgan, muntazam sport bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar soni esa so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobar oshgan.

Sport infratuzilmasi ham izchil rivojlantirilmoqda: Olimpiya shaharchasi va Milliy futbol markazi foydalanishga topshirildi, Mamlakatimiz boks, taekvondo, erkin kurash, qilichbozlik va boshqa sport turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlariga mezbonlik qilmoqda.

Sportchilarni Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash jarayoni, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli “O‘zbekiston sportchilarini 2028-yilda Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi. Mazkur qarorda dzyudo Olimpiya litsenziyalari va medallar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan ustuvor sport turlaridan biri sifatida belgilangan.

Shu nuqtayi nazardan, 2024-yilda Parijda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorovaning katta sportga qaytishi alohida e’tiborga loyiq. 17–18-oktabr kunlari Qozog‘istonning Aktau shahrida bo‘lib o‘tgan Aktau Asian Open 2026 turnirida u 52 kg gacha bo‘lgan vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Keldiyorova barcha uchta bellashuvni muddatidan oldin yakunladi. Bu dzyudochining ikki yillik tanaffusdan keyingi ilk xalqaro musobaqasi bo‘ldi.

Diyora Keldiyorovaning g‘alabasi nafaqat yorqin sport yutug‘i, balki maqsadga intilish, iroda kuchi va o‘zbekistonlik sportchilarning yuksak salohiyati ramziga aylandi. Uning xalqaro sport maydoniga  qaytib, oltin medalni qo‘lga kiritishi yosh avlod, ayniqsa, sportda o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va yuqori natijalarga erishishga intilayotgan qizlar uchun ilhomlantiruvchi namuna bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtdoshlarimizning sportdagi yutuqlari milliy g‘urur, vatanparvarlik va birdamlik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Sotsiologik tadqiqotlar nuqtayi nazaridan bunday yutuqlarning jamiyatdagi kayfiyatga, aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabatiga hamda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishga qiziqishi va faolligiga ta’sirini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydondagi g‘alabalari Yangi O‘zbekistonning jahon sport hamjamiyatidagi nufuzini oshirish bilan birga, jamiyatda ijobiy ijtimoiy qarashlarni shakllantirish, fuqarolarning o‘z kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda ularning Vatan ravnaqi va taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagini kuchaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.