21

«IJTIMOIY FIKR» MARKAZIDA O‘ZBEK TILI BAYRAMIGA BAG‘ISHLANGAN DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI

21 oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida «Davlat tili - milliy o‘zlik va ma’naviy taraqqiyot asosi» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, milliy tilga hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va kasbiy faoliyatda o‘zbek tilidan samarali foydalanish madaniyatini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbati davomida 1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining tarixiy ahamiyati, uning milliy davlatchiligimiz taraqqiyotidagi o‘rni hamda bugungi kunda davlat tilining huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi.

Tadbirda Markaz xodimlari o‘zbek tilining boy leksik imkoniyatlari, nutq madaniyati, adabiy til me’yorlariga rioya etish va davlat tilining zamonaviy ijtimoiy kommunikatsiyalar tizimidagi ahamiyati yuzasidan o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ayniqsa, jamoatchilik fikrini o‘rganish, sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazish, respondentlar bilan muloqot qilish hamda tahliliy materiallar tayyorlash jarayonida tilning aniqligi, ravonligi va tushunarliligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Zero, sotsiologik tadqiqotlarda savollarning to‘g‘ri ifodalanishi va ilmiy atamalarning o‘rinli qo‘llanilishi olinadigan ma’lumotlarning ishonchliligi hamda tahlil natijalarining sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, davra suhbatida globallashuv va raqamli transformatsiya sharoitida o‘zbek tilining ilm-fan, axborot texnologiyalari va elektron kommunikatsiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish, davlat tilida sifatli ilmiy-axborot resurslarini yaratish hamda yosh avlodning til madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir yakunida ona tilimizning milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani asrab-avaylash, ma’naviy qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazish va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashdagi beqiyos ahamiyati ta’kidlandi.

«Ijtimoiy fikr» markazida tashkil etilgan mazkur davra suhbati davlat tiliga ehtiromni yuksaltirish, xodimlarning kasbiy nutq madaniyatini takomillashtirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatida o‘zbek tilining imkoniyatlaridan yanada keng foydalanishga qaratilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.