22.10.2026
15
“IJTIMOIY FIKR” CATI TADQIQOTLARI BO‘LIMIDA INTERVYUERLAR UCHUN RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA MA’LUMOTLAR BILAN ISHLASH BO‘YICHA AMALIY O‘QUV-TRENING O‘TKAZILDI.
Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan axborot asrida jamoatchilik fikrini tezkor, xolis va yuqori aniqlikda o‘rganish bevosita sotsiologik tadqiqotlar jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bilan chambarchas bog‘liqdir. So‘rov jarayonlarining sifati va olingan ma’lumotlar bazasining ishonchliligi, birinchi navbatda, respondentlar bilan bevosita muloqotga kirishuvchi hamda birinchi manba ma’lumotlarini shakllantiruvchi intervyuerlarning professional tayyorgarligi hamda raqamli savodxonlik darajasiga tayanadi.
Shu munosabat bilan, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining CATI tadqiqotlari bo‘limida 19-oktyabr kuni telefon orqali so‘rov o‘tkazuvchi intervyuerlarning raqamli savodxonligini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va bulutli servislar bilan ishlash ko‘nikmalarini takomillashtirishga qaratilgan amaliy o‘quv-trening o‘tkazildi.
Trening davomida bo’lim boshlig’i Sherzod Boboyev tomonidan intervyuerlarning kunlik ish faoliyatida yuzaga keladigan amaliy masalalar va ularning yechimlari atroflicha o‘rganib chiqildi. Google tablitsa platformasi orqali real vaqt rejimida onlayn va jamoaviy ishlash borasida zarur ko’nikmalar berildi. Tadqiqotlarda ish samaradorligi natijalari qanday ko’rsatkichlar asosida baholanishi haqida intervyuerlarga ma’lumotlar taqdim etildi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Shuningdek, bo‘lim supervayzeri Sirojiddin Imamov tomonidan «Excel va Google tablitsa haqida umumiy ma’lumotlar» mavzusida interaktiv mashg‘ulotlar ham o’tkazildi va kompyuter texnikasidan unumli va xavfsiz foydalanish, ish stoli madaniyati, fayllarga to‘g‘ri nom berish hamda ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash qoidalari chuqur tushuntirildi hamda Microsoft Excel dasturida katta hajmli ma’lumotlar bazasini xatosiz va mantiqiy tahlil etish usullari amalda namoyish etildi.
Sotsiologik tadqiqotlarning har bir bosqichida xolislik, shaffoflik va yuqori aniqlik birinchi o‘rinda turadi hamda so‘rov jarayonining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan intervyuerlarning raqamli texnologiyalarda erkin ishlay olishi ma’lumotlarni yig‘ishdan tortib tahliliy hisobotlarni shakllantirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
«Ijtimoiy fikr»da intervyuerlarning malakasini izchil oshirib borish va tadqiqotlar sifatini yuksaltirishga qaratilgan bunday amaliy mashg‘ulotlar doimiy ravishda o‘tkazib boriladi.

