26.10.2026
23
O‘ZBEKISTONDA SPORT RIVOJI: O‘ZBEKISTON TERMA JAMOASI PARAOSIYO O‘YINLARINI 145 TA MEDAL BILAN YAKUNLADI
Paralimpiya harakatini rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish O‘zbekiston davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ushbu yo‘nalishning huquqiy asoslaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi PQ-389-sonli “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hisoblanadi. Ushbu hujjatda sport bilan shugʻullanish istagidagi nogironligi boʻlgan shaxslarning murojaatiga koʻra ularga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari (keyingi oʻrinlarda — “Inson” markazlari) tomonidan davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida sport bilan bepul shugʻullanish uchun yoʻllanmalar berish, adaptiv sport bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi faoliyatiga oid chora-tadbirlar belgilangan. 2028-yilgi Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-iyuldagi PQ-221-sonli “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi.
Shu nuqtayi nazardan, 18–24-oktabr kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Aichi–Nagoya – 2026 V yozgi Paraosiyo o‘yinlari yakunlari alohida e’tiborga loyiq. Musobaqalarda Osiyoning 45 ta davlatidan 2 600 nafardan ortiq para sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida Xitoy va Yaponiya jamoalaridan keyin uchinchi o‘rinni egallab, jami 145 ta medal: 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik para sportchilarning muvaffaqiyatlari qator rekordlar bilan ham e’tirof etildi. Ro‘za Qo‘ziyeva pauerlifting bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Madina Muxtorova va Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova disk uloqtirishda, Xurshid Qodirov 100 metrga yugurishda, Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzish va 200 metrga kompleks suzishda, 16 yoshli Lolaxon Qodirova esa 50 metrga erkin usulda suzishda Osiyo rekordlarini yangiladilar. Shuningdek, para velosport, pauerlifting va para yengil atletika bo‘yicha yana 16 nafar sportchimiz Paraosiyo o‘yinlari rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Paraosiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etgan Yegor Bolotov to‘rtta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi. 15 yoshli Boburbek Toshtemirov esa para velosportning trek bahslarida O‘zbekistonning Paraosiyo o‘yinlaridagi birinchi oltin medalini qo‘lga kiritish bilan birga eng yosh chempion sifatida ham tarixga kirdi.
Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari va ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sportchilarimiz mamlakatimiz sporti tarixida yana bir shonli sahifa ochib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targanini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbari Yaponiyada erishilgan natijalar va to‘plangan tajriba 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Para sportchilarning yutuqlari nafaqat sport, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Bunday muvaffaqiyatlar jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga munosabatni o‘zgartirishga xizmat qilishi, qat’iyat, jasorat va o‘z kuchiga ishonch namunasi sifatida yoshlarni ruhlantirishi mumkin. Sotsiologik tadqiqotlar nuqtayi nazaridan esa bunday yutuqlarning jamoatchilik kayfiyatiga, aholining nogironligi bo‘lgan shaxslarga munosabatiga hamda ularning sport bilan shug‘ullanishga jalb etilishiga ta’sirini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.


