21

14-fevral buyuk mutafakkir, davlat arbobi, shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun!

Jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan ulkan shaxs, mohir sarkarda, adolatparvar davlat arbobi va betakror isteʼdod sohibi boʻlgan shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 542 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Uning ilmiy va adabiy merosi bugungi kunda ham xalqaro darajada katta qiziqish uygʻotib, oʻrganish va tahlil etish obyektlari qatorida turibdi. Har yili Z.M.Bobur tavallud kuni munosabati bilan uning buyuk shaxsiyati va ilmiy-adabiy merosi chuqur oʻrganilib, yangi ilmiy-nazariy yondashuvlar bilan boyitilmoqda.

Z.M.Boburning tarixiy va adabiy faoliyatiga nazar tashlasak, uning mashhur  “Boburnoma“ asari tarixshunoslik, geografiya, etnografiya va davlat boshqaruvi sohalarida bebaho manba hisoblanadi. Mazkur asar oʻsha davrdagi madaniy, ijtimoiy va siyosiy hayotni chuqur anglashga xizmat qilib, zamonaviy fan uchun ham muhim boʻlib qolmoqda. Boburning sheʼriyati esa nafaqat badiiy ijod namunasi, balki uning shaxsiy falsafiy qarashlarini aks ettiruvchi badiiy manzara yuksak va oliyjanob insoniy tuygʻular, adolatparvarlik, insonparvarlik tuygʻularini madh etgandir.

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.

Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz

Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidir.

Zahiriddin Muhammad Bobur sheʼrlarining umumiy hajmi 400 dan ortiq. Shulardan 119 tasi gʻazal, 231 tasi ruboiy. Z.M.Bobur tuyuq, qitʼa, fard, masnaviy kabi janrlarda ham asarlar yaratgan.

Oʻlum uyqusigʻa borib jahondin boʻldum osuda,

Meni istasangiz, ey doʻstlar, koʻrgaysiz uyquda.

Nekim taqdir boʻlsa, ul boʻlur tahqiq bilgaysiz,

Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.

Oʻzungni shod tutqil, gʻam yema dunyo uchun zinhor

Ki, bir dam gʻam yemakka arzimas dunyoyi farsuda.

Zamona ahli ichra, ey koʻngul, oyo topilgʻaymu,

Seningdek dard paymovu meningdek dard paymuda.

Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzae, Bobur,

Magar oʻlsam bu olam ahlidin boʻlgʻaymen osuda.

Z.M.Bobur tavallud kuni munosabati bilan yurtimiz boʻylab tashkil etiladigan tadbirlar, ilmiy anjumanlar, adabiy kechalar va mutaxassislar tomonidan oʻtkaziladigan davra suhbatlari orqali uning buyuk merosi chuqur tahlil qilinadi, oʻrganiladi va yodga olinadi qolaversa – buyuk ajdodlarimizdan ilhom olish, ularning madaniy va maʼnaviy merosini ulugʻlash va yosh avlodga yetkazish barchamizning burchimiz hisoblanadi!