13.05.2024
117
Joriy yilning 13-14 may kunlari Samarqand shahrida “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi.
Forumni o‘tkazish tashabbusi mamlakatimiz Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida mintaqa mamlakatlaridagi yetakchi ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat, jamiyat boshqaruvi va iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish maqsadida ilgari surilgan edi.
“BMT -Ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan forumda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Forumning 10 ta parallel sessiyalari doirasida ishtirokchi-mamlakatlar parlamentlarining ayol a’zolari, hukumat a’zolari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, jamoat arboblari, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar vakillari muhim mavzular yuzasidan o‘zaro fikr almashadilar.
Xususan, xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni tadbirkorlik va innovatsiyalarga keng jalb etish, zamonaviy global iqtisodiyotda ularning yetakchiligini ta’minlash orqali xotin-qizlarning ilmiy va innovatsion faoliyatda, ta’lim sohasida, shuningdek, raqamli texnologiyalardan foydalanishda, kambag‘allikni qisqartirishdagi ishtiroki masalalari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning biznes va jamiyatdagi ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning roli, gender yo‘naltirilgan budjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender nomutanosibligini bartaraf etish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolariga ta’siri, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribalari va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi.
Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish nazarda tutilmoqda.
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilishning samaradorligi to‘g‘risida fuqarolarning fikrini aniqlash, mamlakat mintaqalarida ayollar va yosh qizlarning ta’limi va tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlarning mavjudligi, ularning zamonaviy jamiyatdagi rolini belgilash, shuningdek, jamiyat va davlat hayotidagi ishtiroki faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida fuqarolarning takliflarini o‘rganish bilan bog‘liq turli jihatlarni o‘rganish maqsadida muntazam ravishda so‘rovlar o‘tkazib kelmoqda.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeyini oshirish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida ularning to‘laqonli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan siyosat samaradorligini tasdiqlaydi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 84% o‘zbekistonliklar so‘nggi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeyi oshgani, ularning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligi o‘sib borayotgani haqidagi fikrga qo‘shilishdi. So‘rov ishtirokchilari, ham erkaklar, ham ayollar mamlakatimizda qizlar va ayollarning o‘z salohiyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan, buning sharofati o‘laroq O‘zbekiston xotin-qizlari davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiya qilish va yangilashga baholi qudrat o‘z hissasini qo‘shmoqda, deb hisoblaydi.
Jamoatchilik fikri so‘rovlari mehnat va bandlik sohasida gender tenglikni ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi va amaliyotga tatbiq etilayotgan qonunchilik va normativ-huquqiy tashabbuslar o‘z maqsadiga erishayotganidan - Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti jarayonida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi oshayotganidan dalolat bermoqda. 70,3% o‘zbekistonliklarning fikricha, mashg‘ulotlar va faoliyat turlari tanlovi imkoniyatlarining kengayishi, ta’limning ahamiyati ortib borayotgani, jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning transformatsiyasi munosabati bilan xotin-qizlarning ustuvorliklari o‘zgarmoqda, ular iqtisodiy faoliyatga tobora faolroq jalb etilmoqda, erkaklar bilan teng asosda biznes va tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqdalar, mehnat bozorida talabgor bo‘lgan mutaxassisliklarni egallamoqdalar, ular endi o‘zlarini oldingidek an’anaviy oilaviy majburiyatlar doirasida cheklamasdan, martabaviy o‘sishga erishishga intilishmoqda.
So‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, ayollarning o‘z turmush darajasidan qoniqishi bo‘yicha sezilarli ko‘rsatkichlarga erishildi. Olingan natijalarga ko‘ra, 51,8% so‘rov ishtirokchilari o‘z hayoti darajasidan to‘liq qoniqadi, 27% - "ko‘proq darajada qoniqadi". Tadqiqot jarayonida o‘zbekistonlik xotin-qizlar davlatimiz tomonidan g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashlarni his qilayotganini ta’kidlashdi, ularning fikricha, mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan, aholining mavjud muammolarini o‘z vaqtida hal etishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, oilalar farovonligi o‘smoqda, xotin-qizlarning moddiy ahvoli yaxshilanmoqda, bu esa o‘z navbatida ularning ahvoliga, ruhiy holati va oilalaridagi o‘zaro munosabatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘rov natijalari ayollarning moslashuv darajasi nuqtai nazaridan hozirgi vaqtda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjudligidan dalolat beradi. Mamlakatda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq davlat va jamiyat hayotining ko‘plab sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar xotin-qizlarning turmush darajasi va sifatini oshirish, ularning iqtisodiy faolligini o‘stirish, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirishga yordam bermoqda va kelajakka ishonch uyg‘otmoqda hamda ayni paytda xotin-qizlarning o‘z intilishlari hamda hayotiy rejalarini amalga oshirishlarida kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.