226

BAYRAM TABRIGI

Ulugʻvor yurtimizda xonadonning farishtasi, mehr-muhabbat, vafo hamda sadoqat timsoli boʻlmish barcha duogoʻy onaxonlarimiz, munis opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni bahor va nafosat ayyomi – 8 Mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etamiz!

Ne baxtki, Oʻzbekiston xotin-qizlari ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini hamda munosib turmush tarzini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylangan va ayol qadri, inson qadri ulugʻlangan yurtda tinchlik va farovonlikda yashamoqdalar. Oʻzining bor bilimi va tajribasi, salohiyati, gʻayrat-shijoatiyu tafakkuri bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida butun xalqimizning va oʻz oilasining farovonligi uchun mehnat qilayotgan har bir xotin-qiz el-yurt eʼtibori va mehr-muhabbatiga sazovor boʻlmoqda. Zero, ayol zoti, xususan, Oʻzbekiston xotin-qizlari Yaratganning ulugʻ neʼmati, tengsiz moʻjizasi va millatning davomchisi sifatida bundan-da koʻproq eʼzozlarga munosibdir.

Muhtarama onaxonlar, aziz opa-singillar, hurmatli hamkasabalar!

Soʻlim bahorning begʻubor ilk kunlarida barchangizni bahor va nafosat, goʻzallik va latofat bayrami bilan samimiy qutlaymiz. Oilangiz baxtu saodat va farovonlikka, dasturxoningiz toʻkin-sochinlikka, jismu joningiz mustahkam sogʻlik va qalb xotirjamligiga, ayollik latofatiyu goʻzallikka, yaqinlaringizning mehru muhabbatiga, mehnat faoliyatingiz  betakror yutuqlar va eʼtiroflarga limmo-lim toʻliq boʻlishini tilaymiz.

Hayotingiz farovon va iqbolingiz baland boʻlsin!

Oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga hamisha bor boʻling, azizlar!

Bahor ayyomingiz muborak boʻlsin!

 

 

“Ijtimoiy fikr”

respublika jamoatchilik

fikrini oʻrganish Markazi