262

FUQAROLAR OʻZBEKISTONDA BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARI HAQIDA

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va uning Oʻzbekistondagi hamkorlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga - butun dunyo boʻylab rivojlanishning odamlar duch kelayotgan asosiy muammolarini hal qilishga qaratilgan va bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq 17 ta ulkan maqsadlariga erishish yoʻlida mehnat qilmoqdalar.

Oʻzbekiston 2030-yilgacha boʻlgan davrda Global kun tartibiga erishish va Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) sohasidagi oʻn oltita milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun koʻpchilik manfaatdor tomonlar ishtirokidagi koʻp tomonlama hamkorlikka kompleks yondashuv tarafdori ekanligini tasdiqladi. Mamlakatimizda amaldagi milliy oʻrta muddatli reja, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi BRMni amalga oshirish yoʻllari boʻlib xizmat qiladi. 2018-yilda mamlakatimiz hukumati tomonidan 2030-yilgacha boʻlgan davrdagi Global kun tartibi toʻgʻrisidagi rezolyutsiya (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktabrdagi 841-son qarori bilan) tasdiqlandi va qabul qilindi, bu esa BRMni milliy strategiyalar va dasturlar bilan muvofiqlashtirish zaruratini kuchaytirdi. Hukumat BRMning ijrosi yuzasidan monitoring yuritilishini maqbullashtirish maqsadida 16 ta milliy maqsadlar, 125 ta vazifa va 206 ta indikatorlarni tasdiqladi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi mamlakatimiz fuqarolarining Barqaror rivojlanish maqsadlaridan xabardorligi va ularning amalga oshirilishi toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida “Fuqarolar Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida” mavzusida sotsiologik tadqiqot oʻtkazishni boshladi.

Respondentlarning eʼtiborini jalb qilish maqsadida tadqiqotning diqqat markaziga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy holati va Barqaror rivojlanish maqsadlarini davlat tomonidan amalga oshirish samaradorligiga oid savollar qoʻyilgan. Xususan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish, fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi, sifatli taʼlim, gender tengligi, barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni taʼminlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy energiya manbalaridan foydalanish, bandlik masalalari va munosib ish bilan taʼminlash, sanoatlashtirish va innovatsiyalarni joriy etish, tengsizlikni kamaytirish, shaharlar va aholi yashash punktlari xavfsizligi, ekotizimlarni tiklash, inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish, barcha darajalarda hamkorlik munosabatlarini  oʻrnatish kabi masalalarga oid savollar shular jumlasidandir.