23.10.2026
5
O‘ZBEKISTONDA IJTIMOIY HIMOYA TIZIMINI RIVOJLANTIRISH: SAMARQANDDAGI BUTUNJAHON SAMMITI VA JAMOATCHILIK FIKRI
2026-yil 21-oktabr kuni Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiyalar - barqaror va adolatli kelajak sari yo‘l” mavzusidagi xalqaro sammit hamda Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi. Mazkur xalqaro tadbirlar O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish, bolalar salomatligini mustahkamlash, oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda inson salohiyatini yuksaltirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatorida muhim o‘rin egallayotganini namoyon etdi.
Nufuzli xalqaro anjuman xorijiy davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, Jahon banki vakillari hamda yetakchi xalqaro ekspertlarni bir maydonda birlashtirdi. Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammit ishtirokchilariga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi.
Sammit doirasidagi muhokamalarda oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, aholining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, bolalar huquqlari va manfaatlarini ta’minlash yo‘lida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur xalqaro sammitda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi nomidan direktor o‘rinbosari T. R. Muratov ishtirok etdi.
Jamoatchilik fikrida ijtimoiy himoya tizimining rivojlanishi
Sammit kun tartibidan o‘rin olgan masalalar O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor vazifalari bilan bevosita bog‘liqdir. So‘nggi yillarda mamlakatda inson manfaatlari va ehtiyojlarini ustuvor qo‘yishga asoslangan zamonaviy ijtimoiy himoya tizimini shakllantirish hamda uning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat ijtimoiy yordamining manzilliligini oshirish, aholining ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarining ochiqligi va qulayligini ta’minlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu islohotlarning ijtimoiy samaradorligini baholash, aholining mavjud o‘zgarishlarga munosabatini aniqlash va fuqarolarning real ehtiyojlarini o‘rganishda jamoatchilik fikri tadqiqotlari muhim empirik axborot manbai hisoblanadi. Shu maqsadda “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2026-yil iyun oyida “O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining holati va rivojlanishiga fuqarolarning bahosi” mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.
Tadqiqot natijalari fuqarolarning ijtimoiy himoya tizimidagi o‘zgarishlarga munosabati, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam turlariga ehtiyoji, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari hamda amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining aholi talablariga muvofiqligi yuzasidan muhim xulosalar chiqarish imkonini berdi.
Xususan, tadqiqot davomida davlat ijtimoiy yordamiga murojaat qilgan fuqarolar orasida eng yuqori talab bolalar nafaqasiga (71,7%) to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Mazkur ko‘rsatkich bolali oilalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash aholining ijtimoiy ehtiyojlari tarkibida muhim o‘rin egallashini ko‘rsatadi. Bu esa bolalar farovonligini ta’minlash, oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash hamda ijtimoiy yordamning manzilliligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning dolzarbligini tasdiqlaydi.
Ijtimoiy himoya tizimini raqamlashtirish jarayonlariga aholining munosabati ham tadqiqotning muhim yo‘nalishlaridan birini tashkil etdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 55,7 foizi elektron xizmatlar ijtimoiy yordam olish jarayonini sezilarli darajada yengillashtiradi, degan fikrni bildirgan. Ushbu natija raqamli xizmatlarning qulayligi va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, elektron xizmatlarning ommabopligini oshirish, ulardan foydalanish tartiblarini soddalashtirish hamda aholining raqamli savodxonligini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratish zarurligini anglatadi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligini baholashda uning fuqarolar ehtiyojlariga qanchalik mos kelishi alohida ahamiyatga ega. Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, respondentlarning 76,9 foizi amaldagi ijtimoiy himoya tizimi yordamga muhtoj aholi ehtiyojlariga to‘liq, asosan yoki qisman javob beradi, deb hisoblaydi. Mazkur ko‘rsatkich fuqarolarning ijtimoiy himoya tizimiga bergan baholarini aks ettiradi hamda tizimning aholi ehtiyojlariga muvofiqligini jamoatchilik fikri asosida tahlil qilish imkonini beradi.
Umuman olganda, sotsiologik tadqiqot natijalari mamlakatda ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning aholi tomonidan qanday qabul qilinayotganini aniqlash, davlat ijtimoiy yordamiga bo‘lgan talab tarkibini baholash hamda xizmat ko‘rsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Jumladan, ijtimoiy yordamning manzilliligini kuchaytirish, xizmatlarning qulayligi va sifati ustida ishlash, raqamli imkoniyatlarni kengaytirish hamda bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalar sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bolalar farovonligi yo‘lida xalqaro hamkorlik
Samarqand shahrida Butunjahon sammitining o‘tkazilishi bolalar farovonligini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlash sohasida xalqaro tajriba almashish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Xususan, bolalar manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, ilg‘or yondashuvlarni milliy amaliyotga tatbiq etish hamda davlat va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Bolalar farovonligiga yo‘naltirilgan investitsiyalarni kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga bo‘lgan ehtiyojlarini izchil o‘rganish va oila institutini qo‘llab-quvvatlash jamiyatning barqaror rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda jamoatchilik fikri natijalaridan samarali foydalanish ijtimoiy siyosatning manzilliligi va natijadorligini oshirish, aholi turmush sifatini yaxshilash hamda Yangi O‘zbekistonda inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun mustahkam zamin yaratadi.


