26.08.2026
2
MUSTAQILLIGIMIZNING 35 YILLIGI MUNOSABATI BILAN VA MUNOSIB E’TIROF!
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazining 8 nafar xodimi «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Ushbu e’tirof Markaz jamoasi uchun muhim va quvonchli voqea bo‘lib, xodimlarning ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiy mas’uliyati hamda o‘z faoliyat yo‘nalishidagi munosib hissasining e’tirofi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Esdalik nishoni bilan:
Raximova Nigina Xayrullayevna — “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M direktori;
Alekseyeva Viktoriya Sergeyevna — direktorning birinchi o‘rinbosari;
Popenkova Albina Viktorovna — ma’muriy-moliyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
Seitov Mansur Sherikbayevich — Amaliy tadqiqotlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
Muratov Timur Ravilevich — Raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
Imamova Shaxlo Xatamovna — Xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i;
Tadjibayev Azizbek Baxodir o‘g‘li — Strategik tadqiqotlar departamenti rahbari;
Nabiyev Azim Akramovich — Axborot texnologiyalari va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i;
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda inson qadri, jamiyat manfaatlari va fuqarolar fikriga e’tibor davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biriga aylandi. Bu jarayonda jamoatchilik fikrini ilmiy asosda o‘rganish, aholining ijtimoiy kayfiyati, qadriyatlari, ehtiyoj va kutilmalarini tahlil qilish hamda ularni keng jamoatchilikka xolis yetkazish alohida ahamiyat kasb etadi.
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi ham o‘z faoliyati davomida mamlakatda kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni sotsiologik tadqiqotlar asosida o‘rganish, jamoatchilik fikridagi o‘zgarish va tendensiyalarni aniqlashga qaratilgan ilmiy-amaliy faoliyatni izchil davom ettirib kelmoqda.
Markaz xodimlarining mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan esdalik nishoniga sazovor bo‘lishi jamoa zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bu e’tirof yangi tadqiqotlar, ilmiy tashabbuslar va jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim rag‘batdir.
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi jamoasi mukofot sohiblarini ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etadi.
Hamkasblarimizga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, yangi ilmiy va kasbiy yutuqlar, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mustaqilligimizning 35 yilligi va munosib e’tirof muborak bo‘lsin!


