1

MAHALLA RAISLARI UCHUN O‘QUV SEMINARI: ONLAYN SOTSIOLOGIK SO‘ROVLARNI TASHKIL ETISH

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan mahalla raislari uchun navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi. Markaziy apparat xodimlari ishtirokida va hududiy studiyalar onlayn tarzda ulangan holda o‘tkazilgan tadbirda respublikaning barcha hududlaridan 8992 nafar mahalla raisi qatnashdi.

Seminarning alohida qismi aholi o‘rtasida onlayn sotsiologik so‘rovlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “Mahallalarda aholi o‘rtasida onlayn sotsiologik so‘rovlarni tashkil etish tartibi” bilan tanishtirildi.

Ushbu yo‘nalish doirasida “Ijtimoiy fikr” markazi mutaxassislari onlayn so‘rovlarni tashkil etishning asosiy tamoyillari, aholi bilan samarali muloqot o‘rnatish, fuqarolarni tadqiqotlarga jalb etish hamda ularning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar.

Ayniqsa, mahalla raislarining aholi bilan bevosita ishlash jarayonidagi vazifalari, so‘rovlarda ishtirok etishni to‘g‘ri tashkil etish, respondentlarga zarur tushuntirishlar berish va tadqiqot jarayonida xolislikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar yakunida savol-javob va fikr almashish sessiyasi o‘tkazildi. Ishtirokchilar onlayn sotsiologik so‘rovlarni mahalla darajasida tashkil etish bilan bog‘liq amaliy masalalarni muhokama qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish va tegishli tushuntirishlarga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mazkur seminarda olingan bilim va amaliy ko‘nikmalar aholi bilan muloqotning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, mahallalarda jamoatchilik fikrini muntazam o‘rganish hamda fuqarolarning ehtiyoj va kutilmalarini yanada samarali aniqlashga xizmat qiladi.