26.08.2026
19
O‘ZBEKISTON MUSTAQILLIGIGA 35 YIL: YUTUQLAR, MILLIY HAMJIHATLIK VA KELAJAK QIYOFASI
2026-yil 26-avgust kuni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazida “O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” doimiy ilmiy-amaliy seminari doirasida “O‘zbekiston mustaqilligiga 35 yil: yutuqlar, milliy hamjihatlik va kelajak qiyofasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari asosida tashkil etildi.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida o‘tkazilgan mazkur ilmiy-amaliy muloqotning asosiy maqsadi O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘liga jamoatchilik bahosini tahlil qilish, mamlakatda amalga oshirilgan o‘zgarish va erishilgan yutuqlarning fuqarolar hayotidagi ahamiyatini ochib berish, jamiyatdagi hamjihatlikning qadriyatlarga asoslangan omillarini muhokama qilish hamda kelgusi rivojlanishning ijtimoiy ustuvorliklarini belgilashdan iborat bo‘ldi.
Ilmiy-amaliy seminarni “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi direktori, iqtisod fanlari doktori (DSc) Raximova Nigina Xayrullayevna ochib berdi. Kirish so‘zida mustaqillik yillarida mamlakatda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni aholi fikri va baholari orqali o‘rganish, jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyat, fuqarolik pozitsiyasi va taraqqiyotga munosabatni ilmiy asosda tahlil qilishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Davra suhbatida mustaqillik tushunchasining fuqarolar ijtimoiy ongidagi mazmuni, istiqlol ramzlari va ular bilan bog‘liq his-tuyg‘ular, fuqarolik identifikatsiyasi, mamlakatning 35 yillik taraqqiyot yo‘lida erishgan natijalari hamda O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanishiga doir ijtimoiy ustuvorliklar sotsiologik nuqtayi nazardan muhokama qilindi.
Markazning Strategik tadqiqotlar departamenti rahbari Tadjibayev Azizbek Baxodir o‘g‘li “Fuqarolar ijtimoiy ongida mustaqillik: ramzlar, his-tuyg‘ular va fuqarolik identifikatsiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Unda mustaqillikning jamoatchilik ongida qanday ijtimoiy va ramziy mazmun kasb etayotgani, fuqarolarning Vatan, davlat va milliy taraqqiyot bilan bog‘liq qarashlari masalalariga e’tibor qaratildi.
Markazning Dala tadqiqotlari va ma’lumotlar sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Xalikova Umida Muxamadjonovna “35 yillik bunyodkorlik: O‘zbekistonning asosiy yutuqlari fuqarolar bahosida” mavzusidagi taqdimotida mustaqillik davridagi o‘zgarish va yutuqlarni aholi qanday baholayotgani masalasini sotsiologik tadqiqotlar nuqtayi nazaridan yoritdi.
Markazning CATI tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Boboyev Sherzod Norkuziyevichning “Hamjihatlik, mas’uliyat va kelajak qiyofasi: O‘zbekistonning istiqboldagi rivojlanishi ijtimoiy ustuvorliklari” mavzusidagi ma’ruzasida esa jamiyatdagi hamjihatlik va ijtimoiy mas’uliyat, fuqarolarning kelajakka munosabati hamda mamlakat taraqqiyotida muhim deb baholanayotgan yo‘nalishlar muhokama markazidan o‘rin oldi.
Ma’ruzalardan so‘ng o‘tkazilgan umumiy muhokamada ishtirokchilar mustaqillik yillarida shakllangan ijtimoiy qadriyatlar, milliy hamjihatlik, fuqarolik mas’uliyati va jamiyatning kelajakka doir kutilmalari yuzasidan fikr almashdilar, taklif va tavsiyalar bildirdilar.
Davra suhbati mustaqillikning 35 yillik tarixiy yo‘lini faqat erishilgan natijalar nuqtayi nazaridan baholash bilan cheklanmay, ularning fuqarolar ongi, ijtimoiy kayfiyati, qadriyatlari va kelajakka ishonchida qanday aks etayotganini sotsiologik yondashuv asosida tahlil qilish imkonini berdi.
Tadbir yakunida jamoatchilik fikrini muntazam va ilmiy asosda o‘rganish mamlakatda kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni chuqur anglash, aholining ustuvor ehtiyoj va kutilmalarini aniqlash hamda jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqot samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Davra suhbatini Markazning Xalqaro aloqalar va kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i - matbuot kotibi Axmedova Dildora Olimjonovna moderator sifatida olib bordi.


