10

MILLIY MEROS VA MA’RIFAT MASKANIGA TASHRIF

«Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi xodimlari Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Mazkur tashrif milliy va ma’naviy merosni chuqur anglash, xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy an’analari, buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda mamlakatimizda tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tashkil etildi.

Tashrif davomida Markaz xodimlari Islom sivilizatsiyasi markazida jamlangan tarixiy manbalar, nodir qo‘lyozmalar va ekspozitsiyalar, shuningdek, ajdodlarimizning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotidagi o‘rnini aks ettiruvchi materiallar bilan tanishdilar.

Ayniqsa, Markaz faoliyatida jamoatchilik fikri, milliy qadriyatlar, ijtimoiy xotira, ma’naviy meros va jamiyatdagi qadriyatlar transformatsiyasini o‘rganish muhim o‘rin tutishini hisobga olganda, mazkur tashrif alohida ahamiyat kasb etdi. Tarixiy merosni zamonaviy talqinda o‘rganish jamiyatda milliy o‘zlikni anglash, avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy vorisiylik va fuqarolarning tarixiy xotiraga munosabatini sotsiologik jihatdan tahlil qilish uchun ham muhim ilmiy-ma’rifiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri xodimlarning tarixiy-madaniy bilimlarini boyitish, milliy merosga daxldorlik hissini mustahkamlash, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish hamda sotsiologik tadqiqotlarda jamiyatning ma’naviy va qadriyatlarga oid jarayonlarini yanada chuqur anglashga xizmat qiluvchi yangi yondashuvlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Shu nuqtai nazardan, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif oddiy tanishuv tadbiri doirasidan chiqib, tarixiy meros, zamonaviy jamiyat va jamoatchilik ongi o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglashga qaratilgan ma’rifiy muloqot maydoni vazifasini bajardi.

Tashrif natijasida Markaz xodimlari xalqimizning boy ilmiy va madaniy merosi, ajdodlarimiz yaratgan ma’rifiy maktablarning tarixiy ahamiyati hamda ularning bugungi jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi bilim va tasavvurlarini yanada boyitdilar.

Bunday ma’rifiy tashriflar xodimlarning kasbiy va intellektual salohiyatini oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan korporativ muhitni mustahkamlash, shuningdek, jamoatchilik fikrini o‘rganishda tarixiy xotira, milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarning ijtimoiy ahamiyatini yanada teran anglashga xizmat qiladi.