476

Jamoatchilik fikri so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, Vatan himoyachilari kuni bo‘yicha jamoatchilik ongida mardlik va Vatanga sadoqat ramzi bo‘lgan davlat bayrami haqidagi tasavvur shakllangan va bu bayram o‘zbekistonliklar tomonidan faxr-iftixor va barcha himoyachilarga, bugun O‘zbekiston sarhadlari himoyasida turgan, o‘z jangovar postida xizmat vazifasini o‘tayotgan Vatanimizning sodiq o‘g‘lonlari va haqiqiy vatanparvarlariga yuksak hurmat ruhida nishonlanadi.
So‘rov davomida uning aksariyat ishtirokchilari qayd etdilarki, Vatan himoyachilari kuni — bu barcha harbiy xizmatchilarning, o‘z mamlakati himoyasiga daxldor bo‘lgan yoki O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilgan yurtdoshlarimizning kasb bayramlaridir. Fuqarolar bildirgan fikrga ko‘ra, bu kunda kasb-kori va yoshidan qat'i nazar barcha erkaklarni tabriklash odatga aylangan.
Barcha zamonlarda mardlik, qahramonlik va shon-sharaf o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixida ajralmas tarkibiy qism hisoblab kelingan va Vatan himoyachilari kuni, respondentlarning fikricha, bizning har birimizga fuqarolik burchimiz va asl erkaklarning yuksak vazifasi – tinchlik va totuvlikni saqlash ekanligini yodga solishga da'vat etilgandir.
Vatan himoyasi barcha zamonlarda har bir erkakning sharafli va mas'uliyatli vazifasi hisoblab kelingan, mamlakat fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi Qurolli Kuchlarda xizmat qilish, yoshi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, har bir yigitning muqaddas, vatanparvarlik burchi hisoblanadi, deb ishonadi.
Fuqarolarning fikriga asosan, armiyada xizmat qilish – har bir erkakning tarjimai holida muhim bosqichdir, aynan armiyada yigitlar haqiqiy erkak bo‘lib yetishadilar, yaxshigina hayot maktabini o‘tashadi, bu maktab nafaqat jismoniy jihatdan toblaydi va ulg‘aytiradi, balki o‘ziga ishongan, mustaqil, erkin bo‘lib yetishishga imkon beradi, ko‘plab yangi ko‘nikmalar orttirishga, o‘zini namoyon etishga imkoniyat yaratadi.
Jamoatchilik fikri so‘rovi davomida olingan ma'lumotlar tahlilida aniqlanishicha, jamiyatda harbiy xizmatchining ijobiy qiyofasi shakllanmoqda, harbiy xizmatni, ba'zan hayotini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, o‘tayotgan va qo‘lda qurol bilan fuqarolarning tinch hayoti, osoyishtaligi va farovonligini muhofaza qilayotgan harbiylarga nisbatan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘ladilar. Olingan natijalar Vatan himoyachisining yuqori ijtimoiy maqomidan dalolat beradi.
O‘zbekistonda umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatni o‘tash qonunchilik darajasida mustahkamlangan. Umumiy harbiy majburiyat yigitlarni O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga majburiy tayyorlashda ifodalanadi va Qurolli Kuchlarning to‘ldirilishi maqsadida o‘rnatiladi. Mamlakat fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi – 70,7% armiyadagi xizmat barcha yigitlar uchun majburiy bo‘lishi va har bir haqiqiy erkak armiyada xizmat qilishi kerak, deb hisoblaydi.
Jamiyatda mamlakat Qurolli Kuchlari imiji tavsiflarining oshishi va mustahkamlanishi o‘tkazilgan so‘rov natijalari bilan tasdiqlanadi, aksariyat fuqarolar “Marhamat qilib, ayting-chi, Siz o‘g‘lingiz, aka-ukangiz, turmush o‘rtog‘ingiz yoki boshqa yaqin qarindoshingiz O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishini xohlarmidingiz?” degan savolga ijobiy javob berdilar. Armiyaning qiyofasi mamlakat aholisining nazarida ko‘pincha ijobiy, ushbu tendensiya yoshlar va ularning ota-onalarining armiyaga munosabatida ifodalanmoqda, hozirgi paytda armiyada xizmat qilish ularning asosiy qismi uchun nufuzli hisoblanadi.
Bu harbiylik kasbining yuqori maqomidan, Qurolli Kuchlarda xizmat qilish nufuzli hisoblanishi va armiyada xizmat qilgan yigitlarning istiqbolda kasbiy o‘sishiga yordam berishidan dalolat beradi.
Tadqiqot davomida mamlakatning chaqiriqqa asosan yoki shartnomaga ko‘ra harbiy xizmatni o‘tagan erkak aholisining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat to‘g‘risidagi fikri aniqlandi. Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, erkaklarning ko‘pchiligi (97,9%) ko‘ngilli ravishda, o‘z xohishiga ko‘ra Vatan oldidagi burchini ado etgan va mamlakat Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan.

Jamoatchilik fikri so‘rovi davomida so‘rov ishtirokchilari quyidagi fikrlarni bildirishdi:

- Men ta'lim olgan Toshkent davlat pedagogika universitetida harbiy kafedra bo‘lishiga qaramasdan, armiyaga xizmat qilishga bordim. Quruqlikdagi qo‘shinlarda, motoo‘qchilar brigadasida xizmat qildim. Armiyada xizmat qilish har bir erkak uchun muhim hayotiy tajriba beradigan yaxshi maktab vazifasini o‘taydi, deb hisoblayman.

O‘qituvchi, Toshkent shahri.

- Men FVVning maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasida xizmat qildim. Meni haqiqiy erkak qilib tarbiyalagan va ko‘pgina hayotiy zarur ko‘nikmalarni bergan komandirlarimdan behad minnatdorman. Xizmat davrida boy hayotiy tajriba va ko‘pgina qurilish mutaxassisliklarini egalladim.

Tadbirkor, Samarqand viloyati

- Men Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlarida xizmat qildim, podpolkovnik unvonida zaxiraga chiqdim. Armiyadagi xizmat — bu eng avvalo tartib-intizom, qat'iy fe'l-atvor va Vatanga hamda o‘z xalqiga bo‘lgan cheksiz muhabbatdir.

Pensioner, Qarshi shahri.

- Institutga kirolmadim va armiyaga ketdim. Serjant unvonida demobilizasiya qilindim. Tibbiyot institutiga kirdim, mutaxassisligim bo‘yicha ishlayapman. Xizmatdoshlarim bilan munosabatim yaxshi edi. Jangovar topshiriqlarni jazirama quyosh ostida barcha askariy anjomlar bilan to‘liq jihozlangan holda bajarishga to‘g‘ri kelardi. Men armiyadagi tajribamni juda qadrlayman va, agar zarurat tug‘ilsa, yana bir bor xizmat qilishga tayyorman. Har bir erkak armiyada xizmat qilishi va Vatan oldidagi o‘z fuqarolik hamda o‘g‘illik burchini bajarishi shart. Mening o‘g‘illarim ham ulg‘ayishgach, albatta, Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishadi. Mening katta buvam xizmat qilgan, 45 yilda Berlingacha borgan, bobom va otam xizmat qilishgan, mening o‘g‘illarim ham xizmat qilishi kerak!

Shifokor, Buxoro

Mamlakat erkak aholisining so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, ularning mamlakat Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat bo‘yicha shaxsiy tajribasi ijobiy va foydali deb qabul qilinadi. So‘rov ishtirokchilarining fikricha, armiyadagi xizmat yigitlarga juda katta foyda beradi, ular uchun yangi istiqbollar va imkoniyatlar eshigini ochadi, sodiq va ishonchli do‘stlar topishga, ulg‘ayishga va yanada mas'uliyatliroq hamda batartibroq bo‘lishga imkon beradi. So‘rov qatnashchilari armiya qat'iyatli va mard, Vatanga sodiq bo‘lishga o‘rgatadi, deb hisoblaydilar. Armiyadagi tartib-intizom hali hayotiy qadriyatlari to‘liq shakllanmagan yigitlarni o‘zi uchun, o‘z xatti-harakati uchun javob beradigan, kerak bo‘lganda Vatan himoyasiga qodir haqiqiy erkaklar qilib tarbiyalaydi. Respondentlarning fikricha, xizmatni o‘tash davrida yigitlar nafaqat ma'nan, balki jismonan o‘zgaradilar, ular kuchli, bardoshli bo‘lib shakllanadilar, kundalik jismoniy yuklamalar, sport mashg‘ulotlari, maqbul, foydali oziq-ovqat va kun tartibiga so‘zsiz rioya qilish organizmning mustahkamlanishiga yordam beradi. So‘rov ishtirokchilari armiyadagi xizmat ko‘pchilik yigitlar uchun harbiy, o‘t o‘chiruvchi, FVV yoki YHXB xodimi bo‘lib yetishishida birinchi pillapoya bo‘lib qoladi, deb hisoblaydilar.

- Armiyadagi xizmat men uchun oson bo‘lmadi, ayniqsa, boshlanishida, lekin keyin bir necha oylik moslashuvdan so‘ng hammasi izga tushib ketdi. Xizmatda eng muhim narsa – bu xizmatdosh do‘stingning yelkasini va o‘zaro yordamini his qilib turish. Bu men uchun shunchaki so‘zlar emas, xizmatdosh do‘stlarim men uchun juda yaqin va qadrdon bo‘lib qolishdi, yillar o‘tgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi bilan hamon do‘stona munosabatdamiz, ularning ikki nafari esa tijoratdagi hamkorlarim bo‘lib qolishdi.

Tadbirkor, Navoiy shahri

- Men qat'iy ishonch bilan ayta olamanki, armiyada har bir yigit xizmat qilishi kerak, u armiyada haqiqiy hayot maktabini o‘taydi, tartib-intizomga va mas'uliyat hissiga o‘rganadi. Xizmatni o‘tagan erkak kuchli bo‘ladi, u o‘zini, oilasini, uyini muhofaza qila oladi.

OTM talabasi, Nukus shahri.

- Bugungi yoshlar hayotida sirti yaltiroq bo‘lsa-da, zimdan yo‘ldan ozdiradigan narsalar juda ko‘p, armiya yoshlarni nafaqat ulardan muhofaza qiladi, balki ularga nisbatan immunitetni ham tarbiyalaydi, yoshlarni tartibga soladi. Bundan tashqari, armiyadagi xizmatning sharofati tufayli bu hayotda men nima bilan shug‘ullanishishni xohlayotganimni tushundim va yaxshi kasbni egalladim, institutni tugatdim, uylandim.

Davlat xizmatchisi, Farg‘ona viloyati

- Bugun armiyada xizmat qilish masalasi har qachongidan ko‘ra ham dolzarbroqdir, har bir haqiqiy erkak o‘z burchini bajarishi va armiyada xizmat qilishi kerak. Barchamiz qo‘shni mamlakatlarda nimalar sodir bo‘layotganligini ko‘rib turibmiz, O‘zbekistonni, mustaqilligimizni himoya qilish uchun bizning armiya kuchli va qudratli bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir yigit harbiy xizmatni o‘tashi lozim.

Fermer, Toshkent viloyati

Umuman olganda, o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlari shuni ko‘rsatdiki, Vatan himoyachilari kuni ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun muhim sana hisoblanadi, u fuqarolar tomonidan zamonaviy O‘zbekistonning asosiy bayramlaridan biri, mardlik, vatanparvarlik va o‘z mamlakati hamda xalqiga sadoqat ramzi sifatida qabul qilinadi. Olingan natijalar shuni tasdiqlaydiki, o‘zbekistonliklar yurtimizda mamlakat mustaqilligi va xavfsizligini, davlatimizning hududiy yaxlitligini muhofaza qilishga va fuqarolarning tinch-osoyishta hayotini ta'minlashga qodir zamonaviy, jangovar armiya tashkil etilganligi bilan faxrlanadilar. So‘rov ishtirokchilari shunga qat'iy ishonadilarki, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Vatanimiz mustaqilligining, xalqimiz tinch hayoti va uning farovonligi, shuningdek, demokratik islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishining ishonchli kafolati hisoblanadi.