258

25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni

Har yili dunyo boʻyicha qator davlatlarda 25 noyabr –  Xalqaro  xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kunidan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kunigacha boʻlgan davrda “Zoʻravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro targʻibot kampaniyasi oʻtkaziladi. 

Xalqaro  va alohida davlatlar darajasida olib borilayotgan ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash va uning oldini olish global miqyosda inson huquqlari va gender tenglikni taʼminlashning muhim yoʻnalishi hisoblanadi. 

Mamlakatimizda ham xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi bir qancha  maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib, keng jamoatchilikka gender tengligining mazmuni, mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar va qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berib borilmoqda.

Respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan, yoshlarning zoʻravonlik muammolari haqidagi xabardorlik darajasi, fuqarolarning xotin-qizlarga nisbatan, oiladagi zoʻravonlik muammosiga munosabatini oʻrganish, shuningdek, davlatning xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash boʻyicha faoliyatiga aholining bahosini aniqlash maqsadida “Yoshlar zoʻravonlik toʻgʻrisida: fikrlar, qarashlar, xabardorlik” mavzusida telefon soʻrovi oʻtkazildi.  

Tadqiqotning aniqlashicha, yosh oʻzbekistonliklarning yarmi (49,5%) zoʻravonlikni jamiyatda qabul qilib boʻlmaydigan jiddiy muammo deb biladi, ularning 53,3%i shaharda, 42,9%i qishloq joylarda yashaydi. Shu bilan birga, tadqiqot natijalariga koʻra, respondentlarning yana bir qismi zoʻravonlik muammosining jiddiyligini yetarlicha baholamadilar: soʻrov ishtirokchilarining 26,8%i zoʻravonlik muammosi haqiqiy, ammo juda boʻrttirilgan deb qayd qildi; respondentlarning 19,8%i bu muammoning mavjudligini inkor etadi.

Soʻrov natijalariga koʻra, barcha aholi guruhlari vakillari turli darajada zoʻravonlikka duchor boʻladilar: ayollar, Erkaklar, bolalar, qariyalar, nogironlar. Shu bilan birga, ayollar zoʻravonlik va shafqatsiz munosabatda boʻlinadigan fuqarolarning eng zaif toifalari hisoblanadi,  bu nuqtai nazarga respondentlarning 67,4%i qoʻshiladi. 30,2% respondentlarning fikricha, bolalar va oʻsmirlar ham shafqatsiz munosabat qurboniga aylanishmoqda.

Telefon soʻrovining koʻrsatishicha, yosh respondentlarning 43,5%i oilada ayollarga nisbatan shafqatsiz munosabat va zoʻravonlik muammosi borligiga ishonadilar. Soʻrov  ishtirokchilarining fikricha, jiddiy jismoniy zarar yetkazgan holda (16,6%) va ziyon yetkazmagan holda kaltaklash (shapaloq, tarsaki, chimchilash) (14,8%), doimiy kamsitishlar, tanqid (14,2%), urish-janjallar, qichqiriqlar (11,3%), ogʻzaki tahdidlar (10,8%) kabi ayollarga nisbatan zoʻravonlik turlari keng tarqalgan.

Soʻrovning aniqlashicha, jamoatchilik fikriga koʻra, ayol hatto eri tomonidan zoʻravonlikka duch kelsa ham, oila maskani posboni vazifasini bajarishi va oilaning buzilishiga yoʻl qoʻymasligi kerak. Bunday vaziyatda, koʻpchilik soʻrov ishtirokchilarining fikricha, ayol muammoning oldini olish uchun keskin choralar koʻrmasligi kerak. Buning oʻrniga, u sabr-toqatli boʻlishi va hech kimdan himoya izlamasligi(16,6%), mahalla qoʻmitasiga yordam soʻrab murojaat qilishi (30,8%), erining (5,0%) yoki oʻzining (13,3%) qarindoshlaridan himoya izlashi kerak. Soʻrov davomida aniqlangan bunday qarashlar oilada zoʻravonlik mavjud boʻlishining yana bir omili hisoblanadi va ushbu hodisani yoʻq qilish yoʻlidagi jiddiy toʻsiqdir.

Telefon  soʻrovining  koʻrsatishicha, respondentlar davlatning zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha  faoliyatini ijobiy va uni yaxshilash zarurligini tushungan holda ijobiy baholaydilar. 

Soʻrov ishtirokchilari tomonidan fuqarolarga, ayniqsa zoʻravonlikka duch kelgan ayollar va qizlarga yordam berish boʻyicha taklif qilingan chora-tadbirlar orasida taʼlim, zoʻravonlik uchun jazo va qarindoshlarni jalb qilish bilan bogʻliq harakatlar mavjud. Shunga qaramay, aholi oʻrtasida xotin-qizlar va bolalar huquqlarini zoʻravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslari, ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha ishonch telefonlari toʻgʻrisida keyingi maʼrifiy ishlarni olib borish muhim hisoblanadi.

Soʻrovning  koʻrsatishicha, aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida zoʻravonlikning har qanday shakllariga nisbatan murosasizlikni shakllantirish ayollarga nisbatan zoʻravonlikni bartaraf etishning muhim sharti hisoblanadi. Yoshlar bilan huquqiy madaniyatni oshirish boʻyicha ish olib borish, jinsidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar uchun yashash huquqi va daxlsizlik huquqini taʼminlashning ustuvorligini tushuntirish zarur. Ana shundan tushuntirish ishlarini olib borishda, dunyoqarashi shakllanish jarayonida boʻlgan va koʻp darajada buzgʻunchilik mohiyatiga ega, demokratik qadriyatlarga, milliy mentalitetga zid gʻoyalarni oʻz ichiga olgan va yoshlarga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan turli ommaviy axborot vositalari, internet resurslari, ijtimoiy tarmoqlar taʼsiri doirasidagi oʻsmirlar  bunday ish uchun asosiy maqsadli guruh boʻlishi kerak.