31

11 FEVRAL – XALQARO ILM-FAN SOHASIDAGI XOTIN-QIZLAR KUNI

Har yili 11 fevral sanasi dunyo miqyosida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda ham shu kun munosabati bilan Oʻzbekiston olima ayolar forumi boʻlib oʻtdi. Bu sana xotin-qizlarning ilm-fan taraqqiyotidagi beqiyos hissasini eʼtirof etish, ularni ragʻbatlantirish va yangi ilmiy muvaffaqiyatlarga ilhomlantirish maqsadida belgilangan.

Zamonaviy jamiyat taraqqiyotida ilm-fan hal qiluvchi omillardan biri boʻlib, unda xotin-qizlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun ilm-fan va gender tenglik juda muhim hayotiy ahamiyatga ega. 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibining sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishdan tortib, to iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishgacha boʻlgan asosiy muammolarini hal qilish har bir insonning isteʼdodini ishga solishga tayanadi. Bu esa mazkur sohalardagi faoliyatga xotin-qizlarni yanada koʻproq jalb etishni anglatadi. Tadqiqotchilik faoliyatining xilma-xilligi yangi istiqbollar, isteʼdodlar va ijodkorlikni joriy etish orqali iqtidorli tadqiqotchilar safini kengaytirmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning davlat tuzilmalari va jamoatchilik faoliyatida keng ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Xotin-qizlar barcha faoliyat sohalarida yetakchi oʻrinlarni egallab, taʼlim, madaniyat va ilm-fan rivojiga tobora salmoqli hissa qoʻshmoqdalar.

 “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan soʻnggi tadqiqot natijalariga koʻra soʻnggi besh yil ichida ilm bilan shugʻullanuvchi ayollar soni 18 foizga oshgan, va bugungi  kunda Oʻzbekistonda olimlarning 48 foizi xotin-qizlardir. Shuningdek tadqiqotda qatnashgan respondent ayollarning 72 foizi ilm-fanga qiziqishi borligini va ushbu yoʻnalishda oʻzini sinab koʻrish istagini bildirgan.

Koʻpchilik respondentlarning fikricha, mamlakatimizda  davlat xotin-qizlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatmoqda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya etish,  qizlarning taʼlim olishi uchun shart-sharoit yaratisha, ayniqsa oliy taʼlim olish masalalarida, qiyin hayotiy vaziyatlarga tushib qolganlarni qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlar tadbirkorligi va nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirishga koʻmaklashish, qizlar va ayollar  oʻrtasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga koʻmaklashish, ayollar sportini rivojlantirish va  xotin-qizlarning  imkoniyatlarini har tomonlama roʻyobga chiqarishga qaratilgan boshqa koʻplab tashabbuslar mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, xotin-qizlar hayotini yengillashtirishga xizmat qilmoqda.

Soʻrovda fuqarolarning erkaklar va ayollar tomonidan oliy taʼlim olishning ustuvorligi haqidagi fikri oʻrganildi. Shunday qilib, aksariyat soʻrov ishtirokchilari (81,1%) jinsidan qatʼi nazar, oliy maʼlumot olish zarurligiga ishonadilar, chunki oliy maʼlumotga ega boʻlish kelajakni yaxshiroq taʼminlash, obroʻli ish topish va oila byudjetiga yanada salmoqli hissa qoʻshish imkonini beradi.

Tadqiqotda ayol nafaqat oilaviy – maishiy  ish bilan shugʻullanishi, eriga gʻamxoʻrlik qilishi, bolalarni tarbiyalashi balki uydan tashqarida band boʻlishi hamda oilaviy va kasbiy faoliyatni birlashtirishi mumkinligi toʻgʻrisida keng koʻlamli fikrlar aniqlandi. Soʻrovning koʻrsatishicha, fuqarolarda  ayol ham ishni, ham oilani muvaffaqiyatli birlashtira oladi, degan  fikr ustunlik qiladi – bu koʻrsatkich 78,2% ni tashkil etdi.

Shuningdek, tadqiqot natijalariga koʻra, xotin-qizlar ilm-fanga kirib kelishda ijtimoiy qiyinchiliklar 65%, moliyaviy qiyinchiliklar 48% va oilaviy majburiyatlar 53% bilan toʻqnash kelmoqda. Mazkur muammolarga qaramay Oʻzbekistonda olima ayollar oʻz faoliyatlarini aʼlo darajada olib bormoqdalar.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, Rano Axatovna Ubaydullayeva mamlakatimizda jamoatchilik fikrini oʻrganish va tahlil qilish sohasida ulkan hissa qoʻshgan olimlardan biri hisoblanadi. Uning ilmiy va tashkiliy faoliyati “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazining tashkil etilishi va uning jadal rivojlanishi bilan chambarchas bogʻliq.

Ubaydullayeva Rano Axatovna oʻz tadqiqotlarida respublika miqyosida dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy masalalarni ilmiy asosda oʻrganishga alohida eʼtibor qaratgan. Uning faoliyati nafaqat aholi kayfiyatini oʻrganish, balki jamiyatda kechayotgan ijtimoiy jarayonlarni toʻgʻri baholash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga taʼsirini tadqiq etishga qaratilgan.

Shuningdek, olimaning ilmiy ishlanmalari va amaliy tadqiqotlari mamlakatda ijtimoiy siyosatni shakllantirish, davlat va jamoat tashkilotlarining samarali qarorlar qabul qilishini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilgan. Uning rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar natijalari jamiyatning ijtimoiy fikrini chuqur tahlil qilish, aholining ijtimoiy muammolarga munosabatini oʻrganish va ularni hal etish mexanizmlarini ishlab chiqishga katta hissa qoʻshgan. Uning ilmiy merosi ijtimoiy fanlar rivojiga qoʻshilgan salmoqli hissa sifatida baholanadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi jamoasi ushbu sana munosabati bilan barcha ilm-fanga daxldor xotin-qizlarni, tadqiqotchilarni, professor-oʻqituvchilarni va yosh olimlarni samimiy muborakbod etadi!

Sizlarning izlanishlaringiz, intellektual faoliyatingiz va innovatsion gʻoyalaringiz kelajak avlodlar uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Yangi ilmiy kashfiyotlar, izlanishlar va muvaffaqiyatlar sizga yor boʻlsin!