76

ZAMONAVIY MAKTAB: BAHOLAR VA ISTIQBOLLAR

Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi sharoitlarida ta’lim tizimini takomillashtirish davlat hokimiyati organlari, ta’lim tizimi xodimlari nuqtai nazaridan ham, ommaviy jamoatchilik ongida ham ustuvor ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yangi maktablar qurilmoqda va mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda, eng zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratilmoqda. Zamonaviy ijodiy fikrlovchi kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvar va yuksak ma’naviyatli shaxslar etib tarbiyalash, shuningdek, ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu sohani izchil rivojlantirish maqsadida ma’muriy islohotlar doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etildi. Tizimni tarkibiy maqbullashtirish, zamonaviy dasturlarni joriy etish, ta’lim sohasi xodimlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ta’lim tizimini isloh qilish mamlakatni modernizatsiya qilishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. U ta’lim sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv jarayonini tashkil etish va ta’lim tashkilotlarida yangi tamoyillar asosida xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish va islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan.

Mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’limni tizimli isloh qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ta’lim berishning innovatsion shakl va usullarini o‘quv jarayoniga joriy etishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishdagi nutqida mamlakat Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz».

Mamlakatimizda milliy ta’lim sifati va darajasini oshirish, maktablarda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni takomillashtirish va ushbu sohadagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish maqsadida jamoatchilik fikrini o‘rganish, eng dolzarb masalalar bo‘yicha fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini o‘rganish nazarda tutilgan.

«Ijtimoiy fikr» RJFO‘M o‘z faoliyatida ta’lim mavzusiga doimiy ravishda e’tibor qaratadi. Markaz mutaxassislari tomonidan mamlakatimizdagi ta’lim sifati va umumta’lim maktablarida yaratilgan shart-sharoitlardan fuqarolarning qoniqish darajasini aniqlash, o‘zbekistonliklarning o‘rta ta’limda amalga oshirilayotgan islohotlarga, maktab tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga munosabatini o‘rganishga qaratilgan monitoring tadqiqotlari amalga oshirilmoqda. O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida «Ijtimoiy fikr» RJFO‘M mutaxassislari tomonidan «Zamonaviy maktab: baholar va istiqbollar» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi, unda farzandlari hozirgi paytda maktablarda ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklar ishtirok etdilar. Respondentlar orasida mamlakatning barcha mintaqalari aholisi, shaharliklar va qishloqdagilar, turli yoshdagi erkaklar va ayollar, turli ijtimoiy qatlamlar va millatlar vakillari bo‘lishdi.

O‘tkazilgan tadqiqotning tasdiqlashicha, bozor munosabatlariga o‘tish bilan jamoatchilik fikrida ta’lim fuqarolarning o‘zini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishi, ijtimoiy harakatchanligi va moddiy farovonligini ta’minlovchi muhim iqtisodiy manba sifatida qabul qilina boshlandi. Jamiyatda ta’lim nufuzining o‘sishi bilan bir qatorda ta’lim xizmatlari sifatiga qo‘yiladigan talablar ham ortib bormoqda.

Bugungi kunda mamlakat fuqarolarida o‘z farzandi uchun maktab tanlash imkoniyati mavjud, mamlakatimizda har xil tur va yo‘nalishlardagi maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda, ular orasida davlat maktablari va xususiy maktablarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Mamlakatimizda iqtidorli va iste’dodli bolalarning qobiliyatini rivojlantirish maqsadida Prezident maktablari, ijodiy va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgan.

Hozirgi vaqtda maktab va oila o‘sib kelayotgan yosh avlodni ijtimoiylashtirishning eng muhim institutlarini ifodalaydi. Maktab ta’limining turli jihatlari va zamonaviy o‘quv dasturlari, darsliklarning sifati, bolalar va o‘smirlarning barkamol shaxsini tarbiyalash va shakllantirish jarayonlari, maktab va oila, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning samaradorligi, bolalarning maktabdagi hayotiga ota-onalarning jalb etilishi, ularning maktabda ta’lim qanday amalga oshirilayotganligidan xabardorligi bilan bog‘liq  masalalar muhim  ahamiyatga egadir. O‘quvchilarning ota-onalari o‘quv jarayonining to‘la huquqli ishtirokchilari bo‘lib, ularning maktab faoliyatining turli jihatlari bo‘yicha fikr-mulohazalari va takliflari uning samaradorligi indikatorlaridan biriga aylanishi kerak. Jamoatchilik fikri so‘rovi davomida ishtirokchilarga: «Siz maktab to‘g‘risida va bola yoki bolalarning maktabdagi ta’lim jarayoni haqida batafsil ma’lumotga egamisiz?» degan savol berildi, olingan ma’lumotlarga muvofiq 71,5% fuqarolar o‘z farzandlari o‘qiyotgan maktabda ta’lim jarayoni qanday olib borilayotganidan to‘liq xabardor. 26,2% respondentlar o‘z farzandlarining maktab ta’limi haqida qisman xabardor ekanliklarini aytishdi.

Olingan ma’lumotlar fuqarolarning o‘z farzandlarining maktab hayoti to‘g‘risidagi xabardorlik darajasi juda yuqori ekanligini ko‘rsatdi, ayni paytda qisman xabardorligini ko‘rsatgan respondentlarning foizi maktablarda o‘quv-tarbiyaviy jarayon to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini va ulardan foydalanish imkonini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda. O‘z farzandlarining maktabi hayotiga ota-onalarning jalb qilinganlik jarayonlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘rish, ota-onalar bilan o‘zaro munosabatlarning yangi shakllari va usullarini izlashda, o‘quv jarayonini maqbullashtirish va o‘quvchilarning  yanada yuqori natijalarga erishishlari uchun oila va maktab o‘rtasida hamkorlik va integratsiya o‘rnatishda o‘qituvchilarni yanada faollashtirish kerak.

Maktabdagi ta’mirlash sifati va holati, zarur maktab uskunalari bilan jihozlanganlik, kerakli didaktik materiallar va maktab darsliklari va qo‘llanmalarining mavjudligi, shubhasiz, o‘zlashtirishga va ta’lim darajasiga, shuningdek, o‘quvchilar hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligiga ta’sir qiladi.

So‘rov o‘quv jarayonini tashkil etish shartlari bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni fuqarolarning umuman ijobiy baholaganliklarini aniqladi.  36,9% fuqarolarning fikricha, ularning farzandlari o‘qiyotgan maktablardagi ta’mirlash sifati "a’lo" deb baholanishi mumkin, 33,7% respondentlar o‘zlarining bolalari qatnaydigan maktabdagi ta’mirlash ishlarini "yaxshi" deb hisobladilar. Maktabni ta’mirlash sifatini "o‘rtacha" deb baholagan respondentlarning ulushi 22,7%ni tashkil qildi.   

Qulay joylashtirilgan mebellar, maktab o‘quvchilarining yoshi va anatomik-fiziologik holatiga mos partalar va o‘rindiqlar, zamonaviy doska, zarur texnik jihozlar o‘quvchilarning yoshi, tibbiy, intellektual va boshqa xususiyatlariga qarab o‘quv jarayonini tashkil etish imkonini beradi. 43,2% so‘ralganlar o‘z farzandlari tahsil olayotgan maktablardagi sinflar a’lo darajada jihozlanganligini qayd etishdi, 31% respondentlar uni "yaxshi" deb baholashdi. 18,4% respondentlarning fikricha, o‘quv xonalari "o‘rtacha" jihozlangan.

So‘rov ishtirokchilari o‘quv jarayonini tashkil etish shartlari bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlarga nisbatan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlikni yuqoriroq baholadilar. Hozirgi kunda bolalari maktabda o‘qiyotgan so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi (57%) bolalarning zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini "a’lo" deb baholashdi.  Darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini "yaxshi" deb baholagan respondentlarning ulushi 27,9%ni tashkil qildi. Zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini salbiy baholagan fuqarolarning foizi kamchilikni tashkil qildi, respondentlar asosan ba’zi fanlar bo‘yicha darsliklarning yetishmasligini ta’kidladilar, bu esa o‘qitilayotgan fanning sifatiga va ular bo‘yicha o‘quvchilarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Maktabda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ijobiy baho berishning ustunligi mamlakatimizda 2022-2026 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur doirasida o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va natijadorligini  tasdiqlaydi.

Mamlakatdagi maktab ta’limi sifati va o‘qituvchilarning kasbiy darajasi bo‘yicha o‘zbekistonliklarning baholari shuni ko‘rsatdiki, islohotlar sharoitida ma’lum natijalarga erishildi, ular bugungi kunning o‘zida jamiyat tomonidan ijobiy baholanmoqda, fuqarolar  maktablarning resurs bazasi yaxshilanganini, bir qator fanlar bo‘yicha yangi o‘quv dasturlari, o‘quv jarayonida raqamlashtirish va o‘quvchilarning o‘zlashtirishini nazorat qilish joriy qilinganini qayd qildilar. O‘tkazilgan tadqiqot ishtirokchilari maktab ta’limining mavjud tizimi va malakali o‘qituvchilar tarkibi bolalar va o‘smirlar shaxsining barkamol rivojlanishiga yordam berishini, ularning qobiliyatini o‘stirib, o‘quvchilarga bilim olish, kelajakda, jumladan, mamlakat oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish uchun tayyorgarlikni ta’minlash  imkoniyatini berishini tasdiqladilar.