03.07.2024
251
OʻZBEKISTON YOSHLARI - 2024:qadriyatlar, muammolar va kutilmalar haqida
30 iyun kuni Oʻzbekistonda Yoshlar kuni nishonlandi. 14-30 yosh toifasi vakillarining safi tobora ortib borayotgan bizning mamlakatimizda yigit-qizlarning bilim olishi, mehnat qilishi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2024 yilni “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilish bilan mamlakat rahbariyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda yoshlarning rolini yanada mustahkamlashga intilishini belgiladi. Shu munosabat bilan joriy va kelgusi yillarga moʻljallangan dasturiy hujjatlarni amalga oshirish doirasida yoshlarda zamonaviy iqtisodiyot va tadbirkorlik uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini joriy etish, yoshlarning tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun platformaga aylanadigan kichik sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga erishish, aholi daromadlarini oshirish va fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida, shuningdek, yoshlarning dolzarb masalalariga, jumladan, zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratishga, yigit-qizlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga, ularning ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirishga, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini pasaytirishga, axborot texnologiyalari sohasini ommalashtirish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan qamrovini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek, Strategiyada yoshlarning shaxsiy salohiyatini takomillashtirishga qaratilgan nafaqat tadbirkorlik, balki ijtimoiy va madaniy loyihalarini qoʻllab-quvvatlash ham oʻz ifodasini topgan va hozirdanoq amaliyotga joriy etilmoqda.
Shu bilan bir vaqtda, Oʻzbekiston hukumatining diqqat markazida yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash va oilaviy ajralishlar muammosini hal qilish masalalari turibdi. Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini amalga oshirish doirasida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan maslahat dasturlari joriy etilmoqda.
Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFOʻM monitoring tartibida “Oʻzbekiston yoshlari – 2024: qadriyatlar, muammolar va kutilmalar haqida” mavzusida jamoatchilik fikri soʻrovini oʻtkazdi, uning maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi toʻgʻrisida yoshlarning fikrini aniqlash, amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati natijalaridan yoshlarning qoniqish darajasini oʻrganish, ulgʻayish jarayonida yigit-qizlar duch kelayotgan dolzarb muammolarni aniqlashdan iborat edi. Soʻrov davomida 18dan 35 yoshgacha boʻlgan respondentlar soʻraldi, ularning 57,6% — shaharlarda, 42,4% — qishloq joylarda istiqomat qilishadi.
Umuman olganda, soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, aksariyat yoshlar mamlakatdagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni ijobiy baholadilar va mamlakat rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlar tufayli jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik taʼminlanmoqda, davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilmoqda, mamlakatning investitsiyaviy salohiyati rivojlanmoqda, xalqaro aloqalar mustahkamlanmoqda, sanoatning koʻplab sohalari va qishloq xoʻjaligi rivojlanmoqda, bular fuqarolar farovonligining barqaror oʻsishiga yordam bermoqda, deb ishonch bildirdilar. Olingan maʼlumotlarning tasdiqlashicha, mamlakatimiz yoshlari Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili“ deb eʼlon qilingan 2024 yilda mamlakatda amalga oshirilayotgan va mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida yoshlarning rolini mustahkamlashga, yigit-qizlarning salohiyatini rivojlantirishga, ularga munosib taʼlim olishlari uchun sharoitlar yaratishga, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va yangi ish oʻrinlari tashkil etishga qaratilgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni toʻliq darajada qoʻllab-quvvatlaydilar.
Soʻrovning koʻrsatishicha, yosh respondentlarning aksariyatiga mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatiga nekbinlik bilan baho berish xosdir: 85,7% yoshlarning hisoblashicha, bu siyosat mamlakatda yoshlar salohiyatini rivojlantirish va roʻyobga chiqarish uchun yaratilgan shart-sharoitlar tufayli yoshlarning yanada koʻproq imkoniyatlarga ega boʻlishiga yordam bermoqda. Shu bilan birga taʼkidlash kerakki, yoshlar mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirish, ularning jamiyat hayotidagi oʻrni va faolligini oshirish, sogʻlom va barkamol rivojlangan avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni koʻproq tanqidiy ruhda baholay boshladilar.
Tadqiqot ishtirokchilari mamlakatimiz yoshlariga tadbirkorlik sohasida maqbul shart-sharoitlar yaratish borasidagi islohotlar samarasini taʼkidlab, oʻz javoblarini yanada aniqlashtirdilar, yoshlar, shuningdek, taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ham ijobiy baholashdi, islohotlar natijasida yangi mahalliy OTMlar, shuningdek nufuzli xorijiy universitetlarning filiallarini ochish hisobiga oliy taʼlim muassasalari soni ortganligi taʼkidlandi.
Soʻrov ishtirokchilari kam taʼminlangan oilalar yoshlariga ijtimoiy yordam koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash borasida erishilgan natijalarni alohida taʼkidladilar, respondentlar yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha davlatning saʼy-harakatlarini qayd etishdi.
Oʻtkazilgan soʻrov yoshlarning eng dolzarb, respondentlarning fikricha, diqqat markazida boʻlishi kerak boʻlgan muammolarini aniqlash imkonini berdi. Yoshlar uchun ishga joylashish masalalarida, munosib ish haqi toʻlanadigan doimiy ish izlash va ishga qabul qilinishda murakkabliklar mavjud. Shuningdek, soʻralganlarning fikricha, yoshlarni, ayniqsa, oila qurish istagida boʻlgan yoshlarni xususiy uy-joy sotib olishlarida qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish zarur. Tadqiqot davomida uning ishtirokchilari talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish uchun yoshlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va subsidiyalar ajratish zarurligini taʼkidladilar.
Shuningdek, soʻralgan respondentlar yosh tadbirkorlarga qoʻshimcha moliyaviy yordam taqdim etish, yoshlarning startaplari va istiqbolli biznes loyihalariga koʻproq mablagʻ ajratish zarurligining tarafdorlari boʻlishdi.
Yoshlarning fikriga koʻra, bandlik muammolarini hal qilish uchun yoshlarga oʻz startaplarini amalga oshirishda koʻproq yordam koʻrsatish, shaxsiy biznesini boshlashda ham moliyaviy, ham huquqiy yordam koʻrsatish zarur. Bandlik sohasida yoshlarning kamsitilishi muammosi dolzarbdir, chunki ish beruvchilar yoshlarning salohiyatini eʼtiborsiz qoldiradilar, ish tajribasiga ega tajribali xodimlarni ulardan koʻra afzalroq koʻrishadi. Respondentlar yoshlar uchun koʻproq ish oʻrinlari yaratish, ish beruvchilarga yoshlarni ishga qabul qilish foydali boʻlishiga yordam beruvchi sharoitlarni yaratish oʻta zarurligini taʼkidlashmoqda. Soʻrov ishtirokchilari yoshlar va ish beruvchilar tanlash imkoniyatiga ega boʻlishlari uchun ishga qabul qilish boʻyicha ochiq platformani, boʻsh ish oʻrinlari byurosini yaratish va kasblar yarmarkalarini oʻtkazish boʻyicha takliflar bildirdilar.
Taʼlim sohasida erishilgan yutuqlar va bugungi kunda yoshlarning zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori sifatli taʼlim olish imkoniyatlariga ega boʻlishiga qaramasdan, soʻrov ishtirokchilari oliy va kasb-hunar taʼlimini taqdim etishda koʻproq muqobillik zarurligini taʼkidladilar, shuningdek, taʼlim sifatini yanada yaxshilash va professor-oʻqituvchilar tarkibini tayyorlash darajasini oshirish tarafdori boʻlishdi, bu, ayniqsa, chet elda oʻqish tajribasiga ega boʻlgan yoshlar uchun juda dolzarbdir.
Oʻtkazilgan tadqiqotning vazifalaridan biri mamlakatning buguni va kelajagi bilan bogʻliq masalalarni dolzarblashtirish boʻldi, bu esa yoshlarning dunyoqarashi, qadriyatlari, xulq-atvori va hayotiy ustuvorliklari bilan bogʻliq fikr-mulohazalarini inobatga olishni nazarda tutadi.
Soʻrov maʼlumotlari shuni taʼkidlashga imkon beradiki, yoshlar tanlagan eng muhim qadriyatlar orasida birinchi oʻrinda oila, baxtli oilaviy hayot turadi, ikkinchi oʻrinda — ota-onalar, ularning salomatligi va farovonligi, oʻzbekistonlik yoshlar uchun uchinchi oʻrindagi qadriyat jismoniy va ruhiy salomatlik boʻlib hisoblanadi.
Oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, koʻpchilik yosh oʻzbekistonliklar oʻzining maqsadlari, orzulari, hayotiy rejalariga ega. Soʻrov aksariyat yoshlar uchun hayotdagi asosiy maqsad oʻzini kasbiy jihatdan roʻyobga chiqarish, martaba choʻqqilariga erishish hisoblanishini koʻrsatdi.
Mamlakat yoshlarining hayotiy maqsadlari orasida, shuningdek, oilaviy qadriyatlar, oilaviy munosabatlarda totuvlikka erishish, farzandlar koʻrish va ularni jamiyatning munosib aʼzolari etib tarbiyalash xohish-istaklari ham ustuvorlik qiladi.
Shuningdek, soʻrov ishtirokchilari oʻz hayotiy maqsadlari orasida dunyoni koʻrish; hayotdan imkon qadar koʻproq yorqin his-tuygʻular va taassurotlar olish; oʻzini jamiyat va Vatanga xizmat qilishga bagʻishlash; kasbiy sohada yuqori ijtimoiy maqom va choʻqqilarni zabt etish, moddiy jihatdan taʼminlangan boʻlish istaklarini ham bayon qildilar.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalari oʻzbekistonlik yoshlarda davlat va jamiyatga nisbatan oshirib yuborilgan talablar mavjud emas, balki ularning kelajagi oʻzlariga bogʻliqligini tushunish mavjud, deb xulosa qilishga imkon beradi. Aksariyat yoshlar mustaqil ravishda bilim olish, martabada va moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatlarga erishish, mustahkam va baxtli oila qurish niyatidalar.
Mamlakat rahbariyati tomonidan yoshlarga oid siyosatni yuritish doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qoʻyilayotgan qadamlarni aksariyat yoshlarning ijobiy baholayotganligi hisobga olinsa, bu yoshlarning davlatga boʻlgan ishonchining tasdigʻi hisoblanadi, mustaqillikka intilish esa toʻgʻridan-toʻgʻri yoshlarning vatanparvarligi va mamlakatning olgʻa qarab rivojlanishiga ularning munosib hissa qoʻshish istagi bilan bogʻliqdir.